TOShKENT, 14 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligida tarkibiy o‘zgarishlar davom ettirilishi, hosildorligi kam yerlarda paxta qisqartirilishini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"Bo‘lsa-bo‘lmasa paxta ekaverish, uni arzon narxda xomashyo sifatida sotish — iqtisodiyotni tushunmaslik. Endi paxtani faqat rentabelligi bor joylarda ekamiz. Xudo xohlasa, ikki-uch yildan keyin bir kilo paxtamizni ham chetga sotmaymiz. Zamonaviy korxonalar tashkil etib, yurtimizda qayta ishlaymiz, qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulot qilib sotamiz",- dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xabarda aytilishicha, Sirdaryo viloyatida 20 ming gektar paxta maydoni qisqartirilishi, bu yerda anor, uzum, no‘xat, raps, soya, achchiq qalampir kabi xaridorgir meva-sabzavotlar ekilishi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston rahbari 13-aprel kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi hamda viloyatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan tanishdi.