Adliya vazirligi jismoniy shaxslarga taksi xizmati ko‘rsatishga ruxsat berilmaganini bildirdi

Jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkorlik shaklida taksi xizmatlari ko‘rsatish huquqini berish masalasi yana bir bora qo‘shimcha o‘rganib chiqiladi
Sputnik

TOShKENT, 13 apr — Sputnik. O‘zbekiston Adliya vazirligi 2018-yil 1-iyundan jismoniy shaxslarga taksi xizmati ko‘rsatishga ruxsat berilgani haqidagi xabarni rad etdi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Adliya vazirligi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, O‘zbekiston prezidentining chorshanba kuni imzolangan "Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga ushbu meyor kiritilmagan.

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga taksi xizmatlari ko‘rsatish huquqi beriladi

"Muhokamaga qo‘yilgan loyihaning 6-ilovasida sig‘imi 4 yo‘lovchi o‘ringa mo‘ljallangan yengil avtomobillarga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkorlik shaklida taksi xizmatlari ko‘rsatish huquqini berish nazarda tutilgan edi. Muhokama davomida muhokamada tushgan takliflar, fikrlardan kelib chiqib loyihaga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan. Jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkorlik shaklida taksi xizmatlari ko‘rsatish huquqini berish masalasi yana bir bora qo‘shimcha o‘rganib chiqish uchun farmon loyihasidan ajratib olingan", — deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Ammo suhbatdosh Sputnik muxbirining nega avvalroq vazirlik Telegram kanalida 2018-yil 1-iyundan jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkorlik shaklida taksi xizmatlari ko‘rsatishga ruxsat etilishi haqidagi xabar joylashtirilgani to‘g‘risidagi savoliga javob bera olmadi. Keyinchalik ushbu xabar O‘zbekistondagi yetakchi elektron OAV va xorijiy axborot agentliklari tomonidan keng tarqatilgan edi.

Adliya vazirligining bildirishicha, yuqoridagi farmonning 7-bandida tegishli davlat organlariga litsenziyalash va ruxsat berish tartiblarini takomillashtirishda davom etish haqida topshiriq berildi. Ya’ni bu yo‘nalishda ishlar davom etmoqda.