O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara xizmati rahbarlari uchrashuv o‘tkazishdi

Aprel oyining uchinchi o‘n kunligida Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara vakillari apparatlarining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, unda chegaraoldi hamkorligi masalalari muhokama qilinadi
Sputnik

TOShKENT, 10 apr — Sputnik. Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati raisi polkovnik Ularbek Sharsheyev va O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari – chegara qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Ruslan Mirzayev o‘zbek-qirg‘iz chegarasida 7-aprel kuni yuz bergan hodisani muhokama qilishdi. Bu haqda Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv 9-aprel kuni Namangan viloyatidagi Zarkent aholi maskanida bo‘lib o‘tgan.

Muzokaralar davomida chegara xizmatlari rahbarlari davlat chegarasining Qirg‘iziston-O‘zbekiston uchastkasida yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilishdi.

"Tomonlar Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara idoralari tomonidan ilgari erishilgan alohida protokol qarorlari to‘liq hajmda bajarilmayapti va qirg‘iz-o‘zbek munosabatlarining yangi darajasini hisobga olgan holda to‘ldirilishi kerak degan fikrga keldi", — deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng ikki respublika chegara delegatsiyalari Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Aksi tumani Mamay qishlog‘idagi voqea joyiga kelishdi. Bu yerda chegara tumanlari ma’muriyatlari rahbarlari va huquqni muhofaza qilish organlar vakillari 7-aprel kuni yuz bergan voqea joyini ko‘zdan kechirishdi.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi hodisa: O‘zbekiston tomon huquqbuzar ogohlantirilganini aytmoqda

7 aprel kuni Mamay aholi maskanida ro‘y bergan hodisani har tomonlama surishtiruvdan o‘tkazish uchun qo‘shma ishchi guruhi tashkil etildi. Uning tarkibidan Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati va O‘zbekistonning Sharqiy yo‘nalish bo‘yicha chegara vakillari hamda chegaraoldi tumanlar ma’muriyatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, prokuratura va kadastr xizmatlari rahbarlari o‘rin oldi.

Aprel oyining uchinchi o‘n kunligida Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara vakillari apparatlarining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, unda chegaraoldi hamkorligi masalalari muhokama qilinadi.

Chegara idoralari rahbarlari Chegara masalalari bo‘yicha hukumatlararo Kelishuvlarni amalga oshirish, ilgari Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlat chegara idoralari rahbarlari tomonidan erishilgan qaror va kelishuvlarga qat’iy amal qilish ko‘zda tutilgan bayonnoma imzolashdi.

Eslatib o‘tamiz, 7-aprel kuni Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati O‘zbekiston harbiy xizmatchilari Qirg‘iziston hududida turgan shaxsga o‘q uzgani haqida xabar qildi. Ushbu hodisa oqibatida Qirg‘iziston fuqarosi vafot etgan.