Toshkentda plastik kartadan pul yechishdagi kunlik limit 1 million so‘mgacha oshirildi

O‘tgan yil avgustida O‘zbekistondagi banklar bankomat orqali plastik kartadagi mablag‘ni yechib olish imkonini yaratgandi
Sputnik

TOShKENT, 4 apr — Sputnik. O‘zbekistondagi yirik banklardan biri bo‘lgan "Aloqabank" bankomatlarda plastik kartadagi mablag‘ni yechib olishning kunlik limitini 1 million so‘mgacha oshirdi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Xalq banki bankomatdan naqd pul yechishda komissiya to‘lovini joriy etdi

Ammo hozircha bu miqdordagi pulni "Aloqabank" Amaliyot boshqarmasi va Mirobod filialida joylashgan bankomatlarda yechib olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil avgustida O‘zbekistondagi banklar bankomat orqali plastik kartadagi mablag‘ni yechib olish imkonini yaratgandi.

Birinchi bo‘lib "Xalq banki" Toshkentdagi Oloy, Yunusobod va Qo‘yliq bozorlarida bankomatlar o‘rnatgandi. Shundan so‘ng boshqa banklar ham aholi gavjum joylarda o‘z bankomatlarini o‘rnatdi. Dastlab kartadan bir kunda 100 ming so‘mgacha pul yechib olish mumkin edi. Keyinroq limit 200 ming so‘mgacha oshirildi, ayrim banklar kartalaridan esa 400 ming so‘mgacha pul yechib olish mumkin.

Kartadagi pulni naqdlashtirish ikki daqiqaga yaqin vaqtni oladi. Naqd pul 50 ming, 10 ming va 1 ming so‘mlik qog‘oz pullarda beriladi. Banklar ushbu operatsiya uchun naqdlashtirilgan summaning 1% miqdorida xizmat haqi oladi.