O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoyda "aqlli shahar" barpo etish texnologiyalari bilan tanishdi

Huawei kompaniyasi va "Taraqqiyot strategiyasi" markazi o‘rtasida O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida xalqaro hamkorlik memorandumi imzolanadi
Sputnik

TOShKENT, 4 apr – Sputnik. O‘zbekiston delegatsiyasi Shanxay va Shenchjen shaharlarida bo‘lib, u yerda muvaffaqiyatli joriy etilgan innovatsion texnologiyalar bilan tanishdi. Tashrif doirasida xavfsizlik, shaharsozlik va hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalari, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha amaliy uchrashuvlar o‘tkazildi.

"Jahon" AAning xabar berishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Ichki ishlar vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Shenchjen shahrida "Xavfsiz shahar" loyihasi asosida yo‘lga qo‘yilgan politsiya qo‘mondonlik markazlarining ish faoliyatini yaqindan o‘rgandi.

IBM ekspertlari O‘zbekistonda "aqlli shahar" tizimini joriy etishda yordam beradi

Bundan tashqari, Huawei kompaniyasi laboratoriyalarida ham bo‘lib, "Aqlli shahar" konsepsiyasi asosida shaharsozlik va obodonlashtirish, uy-joy xo‘jaligi sohalarida tatbiq etilgan innovatsion yechimlar va texnologiyalar bilan tanishdi.

Xabarda aytilishicha, tashrif yakuniga ko‘ra, Huawei kompaniyasi va "Taraqqiyot strategiyasi" markazi o‘rtasida O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida xalqaro hamkorlik memorandumi imzolanadi.

Harakatlar strategiyasini "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini tashkil etish bo‘yicha "Aqlli shahar", "Aqlli mahalla", "Aqlli tibbiyot" hamda "Aqlli hokimiyat" tizimlarini joriy etish nazarda tutilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanish kabi vazifalar belgilangan.