TOShKENT, 2 apr — Sputnik. Moskva Kimoviy qurolni ta’qiqlash tashkilotiga "Skripal ishi" bilan bog‘liq 13ta savolni yo‘lladi, deb xabar qildi Rossiya TIV matbuot-xizmati.
Rossiya tashqi ishlar vazirligini Kimoviy qurolni ta’qiqlash tashkiloti texnik kotibiyatiga London tomonidan qanday ma’lumotlar taqdim etilgani, shuningdek, KQTT Britaniyada yuz bergan hodisa bo‘yicha mahalliy surishtiruv ishlari qay tarzda olib borilayotgani haqida ma’lumotlarga egaligi qiziqtirmoqda.
Rossiya tomon shuningdek, hodisa joyiga qanday ekspertlar borishgani, namunalar tahlili qaysi laboratoriyalarda o‘tkazilishi va dalillarni to‘plash jarayoni tashkilotning bosh tamoyillariga muvofiq bo‘lganligi borasida ham tushuntirishlar berilishini so‘ramoqda.
KQTT majlisi 4-aprel kuni bo‘lib o‘tadi. U matbuot uchun yopiq tarzda o‘tkaziladi.
"Skripal ishi"
Britaniyaning Solsberi shaharchasida 4-mart kuni britaniyalik josus Sergey Skripal va uning qizi Yuliya zaharlangan edi. Britaniya tomon Skripallarning A234 moddasi bilan zaharlanishida Rossiyaning aloqasi borligini ta’kidlamoqda. Rasmiy Moskva buni qat’iy inkor etib kelmoqda.
O‘tgan haftada Yevropa ittifoqining qator mamlakatlari, shuningdek, AQSh, Kanada, Norvegiya, Ukraina va ba’zi boshqa davlatlar Solsberidagi hodisa tufayli rossiyalik diplomatlarni chiqarib yuborish qarorini qabul qildilar. Moskva xuddi shunday javob choralarini qo‘lladi.