TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmati raisi Ixtiyor Abdullayev Oliy Majlis senatining 14 yalpi majlisida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonga qo‘shni davlatning shimoliy hududida "IShID", Tolibonlar harakati, Turkiston islom harakati va boshqa bir qator jangari guruhlarning faollashuvi, jangovar harakatlarda qatnashgan Markaziy Osiyo davlatlaridan chiqqan jangarilar turli davlatlar orqali O‘zbekistonga qaytib kelayotgani masalasi yangi tahdidlarga sabab bo‘layotganini bildirdi.
"Birlik", "Erk" singari buzg‘unchi siyosiy kuchlar bugungi kunda O‘zbekistonda o‘z faoliyatini qonuniylashtirishga urinmoqda. "Ularning rejasi bugun qonuniylashtirish, ertaga esa vaziyatni izdan chiqarish", — deb ta’kidladi Senatda so‘zlagan nutqida Abdullayev.
Ixtiyor Abdullayevga ko‘ra, keyingi vaqtlarda diniy sohada berilgan erkinliklarni ayrimlar noto‘g‘ri talqin qilayotgani oqibatida, diniy aqidaparastlikning kuchayib borayotganligi, ayrim hududlarda salafiylik oqimiga kirib qolayotganlar, soqol qo‘yishni o‘ziga odat qilib, turli oqimlarga kirishga harakat qilayotgan hamda qizlar uchun alohida o‘quv xonalari tashkil qilish talabi bilan chiqayotgan shaxslar uchrab turibdi.
Shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan chegaralarning ochilishi, O‘zbekistonga kelayotgan zararli investitsiyalar sonining kun sayin ortib borayotgani, shuningdek diniy ekstremistik ruhdagi adabiyotlar, giyohvandlik vositalari, qurol-yarog‘larni olib kirishga urinishlar ehtimoli kuchayib borayotgani ma’lum darajada ma’lum tahdidlarni yuzaga keltirmoqda.