TOShKENT, 28 mar – Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati Pop tuman sudining "Umid" mahalla fuqarolar yig‘ini binosida ochiq sayyor sud majlisida Rahmatullo Jo‘rayevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati.
Sud hujjatlariga ko‘ra, R. Jo‘rayev Namangan viloyat IIB HOOB odamlardan foydalanish uchun ularni yollash bilan bog‘liq va axloq-odob doirasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘linmasi inspektori lavozimida ishlagan.
U Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 3-qismining "b" bandi bilan ayblangan.
Dastlabki tergov tomonidan sudlanuvchi 2013-yil yanvar oyi boshlarida viloyat IIBda norasmiy ravishda ish o‘rganishda yurgan D. Abdurahmonov va shahar IIB bo‘limi inspektori F. Najmiddinov bilan jinoiy til biriktirib "qo‘shmachi" sifatida profilaktik hisobda turgan M. Sharipovaning xonadoniga kelishgan. "Omina", "Guli" laqabli va Setora ismli qizlarni R. Jo‘rayev o‘zining uyali telefon apparatida videotasvirga olayotgan vaqtda, D. Abdurahmonov qizlarni televideniyega chiqarmaslik va ularni sharmanda qilmaslik evaziga ta’magirlik yo‘li bilan 100 ming so‘m berishini talab qilganida M. Sharipova 50 ming so‘m pulni R. Jo‘rayevga yetkazish uchun D. Abdurahmonovga pora tariqasida berib, qolgan 50 ming so‘mini keyinroq berishini aytganidan so‘ng xodimlar xonadondan chiqib ketishgani ko‘rsatilgan.
Aytilishicha, oradan bir soatlar o‘tib M. Sharipova tanishining avtomashinasida aytilgan manzilga borib, D. Abdurahmonov ishtirokida R. Jo‘rayevga 50 ming so‘m pul bergan.
Sudlanuvchi Rahmatullo Jo‘rayev sud muhokamasida aybiga iqror bo‘lmagan.
Sud taraflarni, barcha guvohlarni, shuningdek bir nechta qo‘shimcha guvohlarni so‘roq qilib, yig‘ilgan dalillar va ish holatlarini atroflicha o‘rganib chiqib, dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi R. Jo‘rayevning harakati O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining "b" bandi bilan yetarli dalillarsiz, asossiz kvalifikatsiya qilinib, faqatgina ayblash yuzasidan bir tomonlama tergov harakatlari o‘tkazilib, xatolikka yo‘l qo‘yilgan deb topdi.
Sud majlisida aniqlangan holatlarga ko‘ra R. Jo‘rayev 2013-yil 7-yanvardan 11-fevralgacha O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi dala o‘quv mashg‘ulotida guruh rahbari sifatida bo‘lgan. Poligon hududidan tashqariga chiqmagan, buni xususan o‘sha vaqtda u bilan birga o‘qishda bo‘lgan Namangan viloyatidan 43 nafar IIB xodimlari tasdiqlaydi.
Jabrlanuvchi deb topilgan M. Sharipova sud muhokamasida voqea sanasi, pullarni kimlardan olgani, qachon va qayerda bergani to‘g‘risida qarama-qarshi ko‘rsatmalar bergan, ularni bir necha marta o‘zgartirgan. Uning ko‘rsatmalari guvohlar tomonidan inkor qilingan.
Go‘yoki u kuni R. Jo‘rayev videoga tushirgan. Pora berilishida qatnashgan guvohlar R. Jo‘rayevni umuman ko‘rmagani va uni tanimasligini, o‘sha vaqtda M. Sharipova tergovda ko‘rsatma berishni so‘raganligini bildirgan.
Sudda R. Jo‘rayevning M. Sharipovadan pul olganligini tasdiqlovchi o‘zining ko‘rsatmasidan tashqari biror-bir boshqa obyektiv dalil aniqlanmadi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, sudlanuvchi R. Jo‘rayev O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi "b" bandi bilan aybsiz deb topilib, ushbu modda bilan oqlandi.