Babayan Latviya chempioni "Spartak" Yurmalaga bosh murabbiy bo‘ldi

Ketma-ket ikkinchi yil Latviya chempioniga aylangan "Spartak" jamoasida Samvel Babayanga Viktor Jalilov hamda Grigoriy Kolosovskiy yordamchi murabbiy sifatida ko‘maklashishadi
Sputnik

TOShKENT, 27 mar – Sputnik. O‘zbekiston terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan Latviya chempioni "Spartak" Yurmala jamoasining bosh murabbiyiga aylandi. Bu haqda championat.asia xabar bermoqda.

Samvel Babayan muxlislarga murojaat yo‘lladi

Xabarda aytilishicha, ketma-ket ikkinchi yil Latviya chempioniga aylangan "Spartak" jamoasida Samvel Babayanga Viktor Jalilov hamda Grigoriy Kolosovskiy yordamchi murabbiy sifatida ko‘maklashishadi. transfermarkt.com saytida Viktor Jalilov jamoa menejeri sifatida qayd etilgan.

Sayt xodimlari O‘FA Samvel Babayanni futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan chetlashtirgani borasida Latviya futbol federatsiyasiga murojaat qilganida, ular O‘FA Ijroqo‘mi Babayandan 1-fevral kuni diskvalifikatsiyani olib tashlaganini tasdiqlashgan. Shu boisdan ham Samvel Babayan endilikda xorijda murabbiylik faoliyatini davom ettirishi mumkin.

"Spartak" Yurmala Latviya chempioni sifatida kelasi mavsumda YeChL saralash bosqichidan o‘z ishtirokini boshlaydi. Samvel Babayan YeChL doirasidagi o‘yinda ishtirok etadigan ilk o‘zbekistonlik mutaxassisga aylanishi mumkin.

Latviya chempionatining yangi mavsumi kelasi hafta start oladi. Babayan 1-aprel kuni Latviya chempionatidagi o‘z debutini "Yelgava" jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil sentabrida “Samvel Babayan  va uning shtabi jahon chempionatiga chiqish vazifasini uddalay olmagani munosabati bilan" O‘zbekiston milliy terma jamoasining murabbiylar shtabi butunlay tarqatib yuborilgandi. O‘zbekiston Futbol federatsiyasi 2018-yil 15-yanvar kuni Samvel Babayan futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan umrbod chetlashtirilganini ma’lum qilgandi.