TOShKENT, 27 mar – Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston hukumatining olti nafar vijdon tutqunini ozod qilish haqidagi qarorini olqishlaydi, deyiladi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi e’lon qilgan bayonotda.
Bayonotda qayd etilishicha, O‘zbekistonda 6 nafar mahbus — jurnalist G‘ayrat Mixliboyev, inson huquqlari faollari Yo‘ldosh Rasulov, Cho‘yan Mamatqulov, Qudrat Rasulov hamda opa-singil Mehriniso va Zulxumor Hamdamovalar ozod etilgan.
Bayonotda Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston hukumatining inson huquqlarini himoya qilish borasidagi masalalarni hal etish va mahbuslarni ozod qilish orqali fuqarolik jamiyatini faollashtirishga qaratilgan choralarini ma’qullashi bildirilgan.
"Biz milliy islohotlar dasturi va taraqqiyot maqsadlarini ilgari surish maqsadida O‘zbekiston hukumati va fuqarolik jamiyati o‘rtasida sermahsul aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelgusi qadamlarga chaqiramiz", — deyiladi bayonotda.