Toshkentda ikki firibgar 1 mln 750 ming dollarni o‘zlashtirib yubordi

Xabar qilinishicha, ulardan biri qo‘lga olingan, ikkinchisini ushlash choralari ko‘rilgan
Sputnik

TOShKENT, 27 mar – Sputnik. Toshkentda Ukraina fuqarosi bilan 2 million dollarlik shartnoma tuzib, pulni berish o‘rniga uni o‘zlashtirib yuborgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

1000 dollar evaziga hujjat to‘g‘rilamoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi

Xabarda aytilishicha, 23-mart kuni Toshkent shahar IIBBga tushgan hujjatlarga ko‘ra, 2017-yil 28-avgust kuni Chilonzor tumani 9-dahada yashovchi B.Axatov "Elegant Trade Business" MChJ tashkil etgan. U ushbu MChJga qarindoshi J.Rahmonovni rahbar etib tayinlab, 2017-yil 30-avgust kuni Ukraina fuqarosi Ya.Pishak bilan 2 million dollari miqdorida bo‘lgan farmatsevtika mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan.

So‘ngra pullarni 90 kun ichida to‘liq to‘lab berishni va’da qilib, 1 mln 750 ming 146 dollarlik miqdordagi dori-darmon va farmatsevtika mahsulotlarini olib, pulni kelishilgan muddatda bermasdan 2017-yil 18-dekabr kuni o‘z majburiyatlarini "Regas meva biznes" MChJ rahbari X.Yadgarovga o‘tkazib bergan.

Sotib olingan farmatsevtika mahsulotlarini esa sotib, savdodan tushgan 1 mln 750 ming dollarni "Rnarm Produkt" MChJning qurilishiga investitsiya tariqasida kiritib pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Xabar qilinishicha, J.Rahmonov ushlangan va B.Axatovni ushlash choralari ko‘rilgan.