TOShKENT, 27 mar — Sputnik. O‘zbekiston hukumati Toshkent viloyatida davlat mulklarini faqat elektron savdolar orqali sotish va ijaraga berish mexanizmini tajriba tariqasida joriy etadi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Onlayn-auksionlar E-IJRO AUKSION maxsus elektron savdo maydonida bo‘lib o‘tadi.
10 maydan boshlab savdo maydonida xususiylashtiriladigan, jumladan "nol" xarid qiymati bo‘yicha, ko‘chmas mulk davlat obyektlari sotuvi boshlanadi. Bundan tashqari, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) davlat ulushlari investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar qabul qilish sharti bilan ushbu maydonda sotiladi.
1 iyuldan boshlab esa elektron savdo maydoni orqali davlat mulki ijaraga beriladi
Elektron savdolarni o‘tkazganlik uchun savdolar tashkilotchisi xizmatlariga haq to‘lash sotuvchi yoki ijaraga beruvchi tomonidan, tegishli ravishda sotiladigan davlat mulki obyekti qiymatining yoki ijaraga beriladigan davlat mulki uchun yillik ijara to‘lovining 1 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda amalga oshiriladi.
Tajriba natijalari shu yilning kuzida ko‘rib chiqiladi. Tegishli muassasalar ushbu asosda 1-oktabrga qadar davlat aktivlarini butun respublika bo‘ylab elektron savdo orqali sotishni yo‘lga qo‘yish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha o‘z takliflarini tayyorlashi lozim.