TOShKENT, 26 mar — Sputnik.Tashqi savdoni rivojlantirishga xalal berayotgan g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida prezident qarori qabul qilindi, deb xabar qilmoqda “Jahon” axborot agentligi.
Yangi qaror qabul qilishdan asosiy maqsad, tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatda keng ishtirok etishi uchun teng va qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, savdo operatsiyalarini amalga oshirishda ortiqcha to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, deyilgan qaror matnida.
Qarorning birinchi bandida aytilishiga ko‘ra, O‘zbekistonga import qilinayotgan tovarlarni yuklashdan oldin majburiy inspeksiyadan o‘tkazish tartibini bekor qiladi. Inspeksiya ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, bundan buyon import qilinayotgan mahsulotlar sifati, miqdori va narxlarini import shartnomasiga muvofiqligi hamda davlatga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik — import qiluvchi korxonalar mansabdor shaxslari zimmasiga yuklanadi.
Import shartnomalarini “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda (Markaz) ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Bojxona organlari olib kelingan va bojxona ko‘rigidan o‘tgan mahsulotlar uchun to‘langan boja va soliqlar haqida ma’lumotlarni elektron shaklda Markazga yuboradi.
Davlat organlari va tashkilotlariga, tijorat banklariga yuk ortishdan oldin tekshiruvchi inspeksiya organini import qiluvchilarga tavsiya berish taqiqlanadi.
Bundan buyon tovarlar yoki xizmatlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan davlat tender tanlovlari ham Prezident huzuridagi “Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” tomonidan tekshirilgan va o‘z sohasida ixtisoslashgan tashkilotlar orasida o‘tkaziladi.
Bir oy muddat ichida ana shunday tanlovlarda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan tashkilotlarga qo‘yiladigan talablar ro‘yxati ishlab chiqiladi.