Sodiq Safoyev: Toshkent jarayoni boshlanmoqda

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Simpoziumlar saroyidagi tadbirda Afg‘oniston masalalariga bag‘ishlangan Toshkent anjuman O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan avvalgi tashabbuslardan qay jihati bilan farq qilishi va ushbu uchrashuvdan qanday maqsadlar ko‘zlanayotgani haqida gapirib o‘tdi
Sputnik

TOShKENT, 24 mar — Sputnik, Dilshoda Rahmatova.  Toshkent anjumani katta diplomatik faoliyatning yakuni emas, balki u yangi bir yondashuvlarning birinchi qadami va u davom etadi. Toshkent jarayoni boshlanmoqda — mana shu asosida bugun muammolarni yechishga qaratilgan ko‘p tomonlama platforma — zamin yaratiladi, deb ta’kidladi 24-mart kuni Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

O‘zbekistonning diplomatik yutug‘i

Siyosatchi Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent anjumani xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida eanligini qayd etib o‘tdi.

Mirziyoyev: Afg‘oniston bilan munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash lozim
"Eng nufuzli davlatlar, Afg‘onistonga, Afg‘oniston muammosiga aloqador bo‘lgan davlatlardan yuqori martabali rahbarlar — vazirlar, davlat rahbarlari, shuningdek, BMT va YeI singari Xalqaro tashkilotlardan  vakillar ishtiroki  etmoqda. Bu albatta, diplomatik nuqtayi-nazardan katta yutuq, katta g‘alaba", — dedi Safoyev.

Safoyev anjuman negizida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Afg‘oniston muammosini hal qilish uchun ko‘p tomonlama platforma, ya’ni zamin yaratish kerak", degan fikri yotganini eslatib o‘tdi.

Mushtarak yondashuvlarni birlashtirgan tamoyil va andazalarni ishlab chiqish jafokash afg‘on xalqiga, afg‘on zaminiga tinchlik keltirish uchun imkoniyat yaratadi, qo‘shimcha qildi u.

Siyosatchi bo‘lajak anjuman to‘rtta tamoyil asosida o‘tishini ta’kidlab o‘tdi.

Birinchi tamoyil: Afg‘oniston muammosini harbiy yo‘l bilan yechib bo‘lmaydi. "Bu yerda siyosat. diplomatiya kerak. Bu o‘z-o‘zidan ravshan va konferensiya birinchi navbatda shunga qaratilgan".

Ikkinchi tamoyil: Afg‘oniston muammosini hal etish uchun u yerda mavjud bo‘lgan chuqur iqtisodiy, ijtimoiy muammolarning yechimini topish kerak. "Urush negizida, muammolar negizida — qashshoqlik, odamlarni qiynayotgan masala — ishsizlik yotadi va bularni yechish uchun bugun gaplashilganidek, iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirish mintaqaviy savdo aloqalarini rivojlantirish, mintaqaviy dasturlarni amalga oshirish kerak. Bo‘lajak konferensiya aynan shu haqda.

Barcha qo‘shni davlatlar, eng nufuzli davlatlar e’tiborini ham aynan shu masala jalb qiladi — qanday iqtisodiy masalalarni amalga oshirishim mumkin", degan dedi Safoyev.

O‘zbekiston Afg‘onistonga eksport hajmini uch milliard dollarga yetkazmoqchi

Uchinchi tamoyil: Prezident Mirziyoyev bu haqda ko‘p marotaba urg‘u berib aytganlar — Afg‘oniston muammosi qo‘shni davlatlarning xayrixohligi, ishtirokini talab etadi. Barcha davlatlar bilan birgalikda shuni ta’minlash kerak-ki, ulardan Afg‘onistonga nisbatan qandaydir muammo yaratilishi kerak emas. Ularning barchasi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga harakat qilishlari kerak — mushtarak bir siyosatni ishlab chiqishga harakat qilish kerak.

To‘rtinchi tamoyil: Afg‘on muammosini hal etishning asosiy hal qiluvchi jabhasi — bu afg‘on ichidagi jarayonlar. Ya’ni bevosita Afg‘onistonning ichidagi siyosiy kuchlarning boshini qovushtirib, muloqotini tashkil qilishga yordam berish lozim.

Shuni inobatga olgan holda bejiz emaski, barcha yirik mamlakatlar, barcha qo‘shni davlatlar mintaqaviy davlatlar, xalqaro tashkilotlar bu anjumanga nihoyatda katta e’tibor bermoqda, biz bu anjumandan amaliy yechimlarni kutmoqdamiz.

Afg‘onistonning 11 nafar rahbari ham fitna qurboniga aylangan

Safoyev o‘z chiqishi davomida nega siyosiy doiralarda "jafokash afg‘on xalqi" iborasi ko‘p qo‘llanilishiga izoh berdi.

"Bu 16-yillik yoki 40-yil bo‘layotgan mojaroga bog‘liq emas. Nihoyatda murakkab chorrrahada joylashgan davlat oxirgi yuz yil mobaynida ham katta o‘yin, har xil ssenariylar markazida bo‘lgan. Bir ma’lumotga e’tiboringizni jalb qilmoqchiman — yigirmanchi asr mobaynida Afg‘onistonda rahbar bo‘lgan barcha 11 ta rahbar — u qirol bo‘ladimi yo prezident bo‘ladimi bundan qat’iy nazar, o‘z lavozimidan yoki fitna yoki to‘ntarish natijasida ishdan ketgan. Ulardan oltitasi o‘ldirilgan. Barcha 11 nafar shu lavozimda eson-omon qolmagan", — dedi Safoyev va bu holat qanchalik chuqur mojarolar bo‘lganligidan dalolatligini qo‘shimcha qildi.

Afg‘on mojarosiga milliardlar tikildi, ammo u o‘z yechimini topmadi…

Safoyev Afg‘oniston mojarosini hal qilish uchun qilingan harakatlar o‘z samarasini bermaganligini qayd etdi.

Norov Afg‘oniston urushining uch bosqichi haqida
"Oxirgi o‘n yilliklar mobaynida bugungi dunyoning eng dolzarb muammosi bo‘lgan Afg‘oniston mojarosiga yechim topish uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan katta harakatlar qilinmoqda, katta mablag‘lar sarflanmoqda. Ochig‘ini aytaylik — hal bo‘ldimi?! Afsuski biz bugun samara berdi deb aytomaymiz", — dedi u va katta harajatlar, harbiy yordam, iqtisodiy yordamlar tufayli muammo aksincha, keskinlashganini qayd etdi.

Safoyevning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro global muammo bo‘lmish — giyohvandlik muammosi 2018-yilda yanada ortishi xavfi bor.

"Demak, preziyentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan bu tashabbus, anjuman yangi yondashuvlarni, yangi yechimlarni ishlab chiqish yo‘llarini tatbiq etish bilan bog‘liq. Agar oldingi harakatlarimiz samara keltirmagan bo‘lsa, demak biz yangi bir yondashuvlarni izlashimiz kerak", — dedi Safoyev. 

Safoyev o‘zining doimo takrorlab keladigan aqidasini eslatib o‘tdi: doimo yangi bir harakatlarni qilib, yangi bir natijaga erishamiz, deya kutish noto‘g‘ri dedi u. 

Siyosatchiga ko‘ra, O‘zbekiston va O‘zbekiston rahbariyati yondashuvining negizida afg‘on muammosining yechimi — afg‘on xalqining o‘zini qo‘lida va bu yerda birinchi navbatda afg‘on xalqi, u yerda mavjud siyosiy kuchlar hal qilishi kerak degan tushunchadan kelib chiqiladi.

"Umid qilamizki, Toshkent anjumani qandaydir katta diplomatik faoliyatning yakuni emas, balki u yangi bir yondashuvlarning birinchi qadami va u davom etadi. O‘ylaymanki, Toshkent jarayoni boshlanmoqda, mana shu anjuman bilan birgalikda muammolarga yechim topish mumkin bo‘lgan ko‘p tomonlama platforma — zamin yaratiladi. Va buning natijasida, hammamiz kutapmiz-ki Afg‘onistonda tinchlik, osoyishtalik va bunyodkorona mehnat uchun imkoniyat yaratiladi deb umid qilamiz", — deb o‘z chiqishiga yakun yasadi Safoyev.

Afg‘onistonlik Asila: O‘zbekistonga kelib tinchlik nimaligini his etdim
Eslatib o‘tamiz, 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro anjumanning tantanali ochilish qismida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani chiqish qilishi kutilmoqda.

23 mart holatiga ko‘ra, anjumanda ishtirok etish taklifini quyidagilar tasdiqlaganlar: BMTning Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Tadamichi Yamamoto, BMT Bosh kotibining maxsus vakili — MOPDMM rahbari Natalya German, Yevrokomissiya vitse-prezidenti, Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini, Rossiya, Turkiya, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston TIV rahbarlari, Hindiston Tashqi ishlar masalalari davlat vaziri, AQSh, Xitoy, Eron, Saudiya Arabistoni va Turkmaniston tashqi ishlar muassasalari rahbarlari o‘rinbosarlari, Buyuk Britaniya, Germaniya. Italiyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha bo‘yicha maxsus vakillari, Yaponiya TIV maxsus maslahatchisi, Qatar TIVning maxsus elchisi.

O‘zbekiston shuningdek, NATO, ODKB, Fransiya va Birlashgan Arab Amirliklaridan oliy martabali delegatsiyalar ishtirokini kutmoqda.