Nazarboyev O‘zbekiston xalqini Navro‘z bilan tabriklash maqsadida Samarqandga keldi

Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyev Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekiston mustaqilligi asoschisi Islom Karimov qabrini ziyorat qildi
Sputnik

TOShKENT, 21 mar – Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston xalqini Navro‘z bilan tabriklash maqsadida Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy martabali mehmonni prezident Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi bo‘ldi.

Bunaqasi bo‘lmagan: O‘zbekiston rahbari Sharqona Yangi yilni ikkita shaharda qarshi oldi

Prezidentlar mintaqa davlatlari, xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi samimiy munosabatlar har qachongidan ham mustahkamlanib borayotganini qayd etib, chegaralardagi yengilliklar ikki mamlakat xalqlarining o‘zaro bordi-keldisi uchun keng yo‘l va imkoniyatlar ochgani, bunda eng katta maqsad bo‘lgan xalqlarimiz roziligiga erishilganini ta’kidladilar.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati yuqori baholandi, uni yanada rivojlantirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyev Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekiston mustaqilligi asoschisi Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Birinchi Prezident qabriga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Qur’on tilovat qilindi.

Qozog‘iston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Samarqandning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.

Shu bilan Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning O‘zbekistonga tashrifi nihoyasiga yetdi.

O‘tgan yili Navro‘z kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasiga davlat tashrifi bilan borgan edi.