"Puling yo‘q bozorda nima qilasan": nahotki pulga chaqilmaydigan hech nima qolmadi!?

O‘zimiz bilibmi, bilmaymi, AQShda bo‘ladigandek, hamma narsani pulga chaqa boshladik. Bir haqiqatni unutmaylik: AQSh davlatining asosi shu - dollarga qurilgan. Bizning jamiyat esa pulga, moddiy manfaatlarga emas, mehr-oqibat asosiga tiklangan
Sputnik

Albatta, har qanday sharoitda ham inson o‘limi fojia… Hayotning bevaqt uzilishi esa o‘n karra fojia…

Samarqand viloyatida o‘qituvchining hasharga chiqqan vaqtda fojiali halok bo‘lishi hammamizning ham qalbimizni larzaga soldi. Bechora yosh ayolga achindik. Hech kim bu yoshda o‘lib ketishni istamaydi, hammaning hayoti ham hayot… Kimnikidir qadrli, kimnikidir qadrsiz emas…

Biroq… Ayrimlarning ushbu holatdan foydalanishga urinishi, bu bilan jamiyatdagi azaliy qadriyatlarga qarshi chiqishi, millatni birlashtirib turuvchi udumlardan birini qoralashi tushunarsiz. Nafaqat tushunarsiz, balki g‘ayriaxloqiy holat.

Vatan va vatanparvarlar haqida
Hammamiz bilamiz, tushunamiz, anglaymiz — kishilik jamiyatida, ayniqsa sharq kishilari hayotida hasharsiz hech nima qilib bo‘lmaydi. Hashar nafaqat jamoa bo‘lib, ko‘pchilik uchun zarur bo‘lgan ishni bajarish, balki xalqning birdamligi, o‘rtadagi mehr-oqibat rishtalari hamdir.

Bilamiz, davlatlarning paydo bo‘lish tarixi haqida gap ketganda birinchi sabab sifatida hashar nazarda tutiladi. Eng qadimiy davlatlar, shuningdek, millatlar sug‘orish tizimlari mavjud, aniqrog‘i, sug‘orish tizimlariga ehtiyoj tug‘ilgan yerlarda paydo bo‘lgan.

Ya’ni odamlar birlashib, sug‘orish tizimlarini yaratishlari va ulardan foydalanish jarayonida o‘zaro birlashishgan, oldin elatga, so‘ng millatga aylangan, bu orada davlat ham paydo bo‘lgan. Bular hashar orqali bo‘lgan-da. Axir u davrlarda pul yo‘q edi.

Ko‘rinadiki, hashar davlatning paydo bo‘lishida asosiy vosita. U hozir ham jamiyatni tutib turgan ustunlardan.

Bugun uni majburiy mehnat, deb talqin qiluvchilar ko‘paydi. O‘zimiz bilibmi, bilmaymi, AQShda bo‘ladigandek, hamma narsani pulga chaqa boshladik. Bir haqiqatni unutmaylik: AQSh davlatining asosi shu — dollarga qurilgan. Bizning jamiyat esa pulga, moddiy manfaatlarga emas, mehr-oqibat asosiga tiklangan. AQShga qarab to‘n bichmaylik, ko‘ylak-ishtonsiz (yalang‘och) qolishimiz mumkin. Chunki, banknotlarimizni chetga nominal qiymatda sotolmaymiz, AQShnikidek ulkan armiyamiz ham yo‘q… Pul ishlayman, deb asosiy rishtalarimizdan ham ayrilib qolmaylik. Sheroziy aytganday: "Puling yo‘q, bozorda nima qilasan? Qo‘rqaman, sallangni berib qaytasan".

Ko‘cha-ko‘yni supurish, atrofni ozoda saqlash majburiy mehnatga kirsa, avvalambor kelinlar qaynonalarini sudga berishlari lozim. Axir ular har tong ko‘chalarni supurishga majburlanadi…

Qolaversa, dafn marosimlariga nega tekinga boriladi? (to‘ylar, mayli, u yerda ovqat beriladi) Axir unda tekinga ishtirok etamiz-ku.

Qishloqlarda yumushlarning katta qismi hashar bilan hal bo‘ladi. U kishilar orasidagi birdamlikni, mehr-oqibatni kuchaytiradi.

Xalq ta’limi vazirligi: hashar - mehr-oqibatni mustahkamlaydi
Shaharda bunday muammo yo‘q, lekin qishloqlarda, hashar majburiy mehnat bo‘lsa, ariqlarni kim qaziydi? Ko‘chalarni kim supuradi? To‘y-ma’rakalarga tayyorgarlik, paxsa urish, tosh terish, yer ag‘darish, tom suvash, ariq qazish, ko‘chat o‘tqazish, qabristonlar, ko‘chalar chetini tozalash… Bularni kim qiladi? Ariq qazuvchi, ko‘cha supuruvchi, degan lavozimlar hech bir qishloqda yo‘q. Hamma "pul bersang qilaman", deb yotaversa, pulni kim beradi? (Hasharni majburiy mehnat desak, haq to‘lanmaydigan har qanday jamoat ishiniyam shunday ataylik).

Unda nima, o‘z axlatimizga o‘zimiz aralashib yotaylikmi? Boylar qo‘shnisini pulga yollab, ishlatsinmi? Kambag‘allar-chi? Yoki har bir qishloqqa ellik-qirqtadan shunaqa ishlar bilan shug‘ullanuvchi lavozimlar kiritilsinmi? Unda yo budjet o‘zini o‘zi ko‘tarolmay qoladi yoki soliqlarni sezilarli darajada oshirishga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, bu kimga yoqadi?!

Insoniyat tarixidan bilamiz, o‘zi va atrofini ozoda saqlamagani uchun millionlab insonlar turli yuqumli kasallik, o‘latlardan qirilib ketgan. O‘sha, o‘tmish xulosalari bizning millatga ozodalik bobida uyushqoq bo‘lishni talab etgan. Biz, to‘rt kun internetda o‘tirib, o‘zimizni dono va aqlli sanab qolgan avlod, ota-bobolarimizning minglab yillik qadriyatlari zamirida nima yotishini tushunib yetmayapmiz. Bilganimiz, tekinga ishlash mumkin emas!

Ko‘zimizni G‘arbning turmush tarzi ko‘r qilib qo‘ymoqda! G‘arbning individualizmi va egoizmi, yolg‘iz yashash, o‘zgani tan olmaslik tamoyili, jamoani mensimaslik g‘oyalari bizga emas…

Hasharni majburiy mehnat sifatida talqin qilib, odamlarni undan bezdirishga urinayotganlar tushunib yetishlari lozim, hashar millatimizni birlashtirib turgan rishta, ming yillar davomida shakllangan qadriyat. Bu odat bizga kelib, yakuniga yetmasligi lozim, aks holda keyingi avlodlar o‘z shatmog‘iga botib, biror bir yuqumli kasallikdan qirilib, bitishi yoki o‘z uyiga-da suv olib kelishga eringan tanbalga — tirik murdaga aylanishi mumkin.

Ko‘plar vafot etgan o‘qituvchining oila a’zolari qancha pul olishi bilan qiziqmoqda, faol muhokamaga kirishgan.

Ha, g‘arb dunyoqarashi hayotimizga shunchalar keng va chuqur kirib kelibdiki, bir bechoraning qabri sovimasdan, oilasiga tegishi mumkin pulni muhokama qilamiz! Holbuki, o‘zbeklarda hech qachon insonning qadri pul bilan o‘lchanmagan. Bu insonga nisbatan haqorat sanalgan.

Aslida bu marhumning yaqinlari va hukumat o‘rtasidagi masala. Har holda, davlat qarovchisini yo‘qotganlarni (marhum qanday sharoitda vafot etishidan qat’iy nazar) hech qachon tashlab qo‘ymaydi. Lekin bizning amerikaliklarga o‘xshab, har narsani darrov pulga chaqib, narxini chiqara boshlashimiz g‘alati.

Yana bir g‘alati holat — ayrimlar kaminaning hashardek, ming yillik qadriyatimizni oqlab yozgan fikrlarini qattiq tanqid ostiga oladi, hatto, "buyurtma evaziga, haq olib yozilgan maqola", deyishgacha ham bordi (o‘z davlati, o‘z hukumati haqida bu darajada past fikrda bo‘lishni tushunish og‘ir! nahotki endi millat qadriyatini ulug‘lash ham pulga chaqilsa?). Hasharni bu hukumat o‘ylab topgan emas… O‘zbek xonliklari zamonida, undan ham burun ham bor edi… Hatto, sobiq sovet hukumati ham bundan keng foydalangan "shanbalik" degan so‘z o‘shandan keyin chiqqan, axir (hech bo‘lmasa, Leninning Kremldagi hashar chog‘ida kunda ko‘tarib ketayotgan suratini, Katta Farg‘ona kanalini eslang).

Shunday ekan, xalqning azaliy qadriyati — hasharni oqlash uchun kimdandir nimadir tama qilish shart emas va bu pastkashlik bo‘lar edi. Tushunmayman, qachon millatning qadriyatlarini ulug‘lash tamagirlikka aylab ulgurdi?

Biroq, men ularning oldida o‘zimni oqlamoqchi ham emasman, bilamizki, jamiyatda norozilar toifasi har doim bo‘ladi.

Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev Diana Yenikeyeva bilan bog‘liq hodisaga izoh berdi
Ular har qanday holatda ham noliyveradi, hech qachon shukur qilmaydi. Bu toifa hatto davlat tepasiga kelsa ham tinchimaydi. Bilamiz-ku, o‘tgan asrning boshida bolsheviklar hukumatni yomonlab, 17-yilda hukumat tepasiga keldi. Keyinchalik Stalin davlat to‘ntarishini amalga oshirgan barcha safdoshlarini bitta qo‘ymay qirdirib yubordi. Chunki u bilardi, bu norozi toifadan yaxshilik chiqmaydi, hatto eng yaqining, maslakdoshing bo‘lgan taqdirda ham.

Shunday ekan, gap bechora o‘qituvchining fojiali o‘limida ham emas, shunchaki, bu xabar omma e’tiboriga yetkazildi, xolos. Norozi kayfiyatdagilar esa buni bayroq qilib, chopib ketdi. Demak, ularda noroziliklarini ifoda qilish uchun boshqa dalil, fikrning o‘zi yo‘q.

Bo‘lmasa, aytishlaricha, yiliga o‘rta hisobda O‘zbekiston yo‘llarida 2,5 mingga yaqin kishi halok bo‘lar ekan. Ularning hech biri ko‘chaga mashinaning tagida qolib ketish uchun chiqmagan. Ular ham kimningdir topshirig‘i bilan, nimadir qilish uchun, qandaydir maqsadni ko‘zlab uyidan chiqqan, ularning ham o‘z maqsadlari, orzu-o‘ylari, umidlari bo‘lgan. Ularning har biri uchun soatlab, kunlab, haftalab aza tutish, yig‘lash mumkin… Nega ularning har birini muhokama qilmaymiz?

Holbuki, har qanday insonning o‘limi achinishga, rahm qilishga, kuyib-yonishga arziydi.