"Chiroyli" avtoraqamlar O‘zbekiston g‘aznasiga qancha daromad keltirgani ma’lum bo‘ldi

O‘tgan hafta davomida birja orqali 28 tasi jismoniy shaxslarga, 5 tasi yuridik shaxslarga sotildi.
Sputnik

TOShKENT, 16 mar — Sputnik. 2018 yil 5-martdan 11-martigacha bo‘lgan davr mobaynida birjaning onlayn auksionlari orqali 33 ta avtomobil raqam belgilari sotildi. Bu haqda O‘zbekiston tovar xomashyo birjasi maxsus axborot portali xabar qildi.

IIBB noto‘g‘ri parkovkaga qarshi kurash uchun maxsus avtomajmualarni xarid qilishi mumkin

Xabarda aytilishicha, chiroyli raqamlardan 28 tasi jismoniy shaxslarga, 5 tasi yuridik shaxslarga sotildi. Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 409 million so‘mni tashkil qildi.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning deyarli 64% oliy toifadagi avtoraqamlarga, 21% bitimlar 2 toifa avtoraqamlar va 15% bitimlar 3-toifa avtoraqamlar bo‘yicha tuzilgan.

Xaridorlar tarkibida yetakchilikni Toshkent va Toshkent viloyati avtohavaskorlari egalladi va ularning tuzilgan bitimlar sonidagi ulushi 33%ga yetdi. Keyingi o‘rinni Farg‘ona viloyati — 18%, uchinchi o‘rinda esa Andijon va Samarqand viloyati xaridorlari 15% ulush bilan egalladi. Qolgan viloyatlarning umumiy ulushlari 19%ni tashkil etdi.