Qozog‘iston va O‘zbekiston tovar almashish hajmini 3 mlrd dollargacha yetkazadi

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyasining 17-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Sputnik

TOShKENT, 14 mar — Sputnik. Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘zaro savdo hajmini oshirish yo‘llarini muhokama qilib, 2018-yilda tovar almashish hajmini 3 milliard dollargacha yetkazishga kelishib oldi, deb xabar berdi Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati.

Ostona shahrida Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Asqar Mamin va O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Achilboy Ramatov hamraisligida Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyasining 17-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Utembayev: O‘zbekiston Qozog‘istonning tashqi siyosatdagi muhim sherigidir

Tomonlar o‘zaro savdoning yuqori sur’atda rivojlanayotganini qayd etdi. Ikki mamlakat o‘rtasida tovar almashish hajmi 2017-yilda 2 milliard dollarni tashkil etdi, bu 2016-yildagiga nisbatan 31,2% ko‘p. Qozog‘istondan O‘zbekistonga eksport 2017-yilda 35%ga o‘sib, 1,3 milliard dollarni tashkil etdi. Qozog‘istonga O‘zbekistondan import 25,1%ga oshdi va 735,2 million dollarni tashkil qildi.

"Savdo-iqtisodiy hamkorlikning jadal sur’atlarda rivojlanayotganini e’tiborga olib, tomonlar tovar almashish hajmini 2018-yilda 3 milliard dollargacha va 2020-yilga kelib 5 milliard dollargacha yetkazishni ta’minlash maqsadida kelgusidagi tegishli choralarni ko‘rishga kelishib oldi", — deyiladi xabarda.

Tomonlar shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekistonning chegara oldi hududlarida xalqaro chegara oldi hamkorligi markazi va transport-logistika markazi qurilishi imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishishdi.