Italiyalik mutaxassislar O‘zbekistonning uchta shahrida mini futbol maydoni quradi

Stadionlar yuqori sifatli texnologiyalar yordamida barpo etiladi va bu maydonchalarda yilning barcha faslida futbol uchrashuvlari va mashg‘ulotlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi
Sputnik

TOShKENT, 14 mar – Sputnik. OFKning futbol maydonlari qurilishi bo‘yicha mutaxassisi Menduh Akurekli Andijon, Qo‘qon va Xorazm shaharlarida mini-futbol maydonchasi qurilishi uchun ajratilgan hududlar bilan tanishdi. Maydonchalarning qurilishi bo‘yicha o‘zining amaliy maslahatlarini berdi.

Yangi “Paxtakor” stadioni xorijiy kompaniya loyihasi asosida quriladi

O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasining xabar berishicha, aprel oyi boshlarida Italiyaning qurilish bo‘yicha mashhur "Limonta" kompaniyasi vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurib, sun’iy qoplamali maydon qurilish ishlarini boshlashadi. Har uchchala stadion yuqori sifatli texnologiyalar yordamida barpo etiladi va bu maydonchalarda yilning barcha faslida futbol uchrashuvlari va mashg‘ulotlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

O‘tgan yil noyabrida Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazgandi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishga asoslangan turli loyihalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilinib, Andijon, Qo‘qon va Xorazmda bolalar uchun mo‘ljallangan mini-futbol maydonchalari barpo etilishiga OFK tomonidan mablag‘ ajratilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.