Shahram G‘iyosov professional boksdagi ilk jangini o‘tkazadi

O‘zbekistonlik yana bir bokschi, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati sovrindori Murodjon Ahmadaliyev ham professional boksdagi ilk jangini o‘tkazadi
Sputnik

TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Havaskor boks bo‘yicha Rio Olimpiadasi kumush medali sovrindori, jahon chempioni Shahram G‘iyosov bugun professional ringdagi ilk jangini o‘tkazadi.

Shahram G‘iyosov Osiyoning 2017-yildagi eng yaxshi bokschisi deb topildi

G‘iyosov Toshkent vaqti bilan ertaga tong saharda AQShning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tadigan professional boks kechasida argentinalik Nikolas Velaskesga qarshi ringga ko‘tariladi. Bu Shahramning professional boksdagi debut jangi bo‘ladi.

Velaskes shu kungacha professional ringda 12ta jang o‘tkazgan va ularning 10tasida g‘alaba qozona olgan. Ikkita jangda esa imkoniyatni boy bergan.

Shuningdek, o‘zbekistonlik yana bir bokschi, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati sovrindori Murodjon Ahmadaliyev ham mazkur boks kechasi doirasida professional boksdagi ilk jangini o‘tkazadi.

Uning raqibi argentinalik David Paz bo‘ladi.

Paz professional ringda to‘qqizta jang o‘tkazgan bo‘lib, shularning to‘rttasida g‘alaba qozongan. To‘rtta jangda mag‘lubiyatga uchragan. Bitta jangda durang natija qayd etgan.