Qozog‘istonda yana avtohalokat: ikki o‘zbekistonlik hayotdan ko‘z yumdi

"Samara-Chimkent" avtomobil yo‘lida "KAMAZ" yuk avtomobili bilan "Opel-Astra" yengil avtomashinasi to‘qnashib ketgan
Sputnik

TOShKENT, 6 mar – Sputnik. Qozog‘istonning Oqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan avtoto‘qnashuv oqibatida O‘zbekistonning ikki fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston FVV matbuot xizmati xabar berdi.

"5 mart kuni soat 10:50 da Qozog‘iston Respublikasi Aktube viloyati Olke qishlog‘i hududidan o‘tuvchi "Samara-Chimkent" avtomobil yo‘lining 778 km.da Toshkent – Sankt-Peterburg yo‘nalishida harakatlanayotgan davlat raqami D 432 ADA 04 "KAMAZ" yuk avtomobili bilan davlat raqami 505 198 RUS "Opel-Astra" yengil avtomashinasining to‘qnashuvi natijasida 2 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi halok bo‘lgan", — deyiladi xabarda.

Qozog‘istondagi YTHda olti nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar vazirliklari hamda Qozog‘iston IIV Favqulodda vaziyatlar Komiteti bilan hamkorlikda halok bo‘lgan fuqarolarning shaxsi aniqlandi.

Ular Andijon viloyati Asaka tumanidagi "O‘zbekiston" QFY, Do‘rmon ko‘chasida yashagan Isakov Zoxidjon Mansurovich va Yuldashev Qodirjon Komilovich bo‘lishgan.

Ma’lum qilinishicha, halok bo‘lgan fuqarolarning jasadlari Oqto‘be shahar morgida saqlanmoqda. Hozirda Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamda Qozog‘iston IIV Favqulodda vaziyatlar Komiteti bilan hamkorlikda halok bo‘lganlarning jasadlarini O‘zbekistonga olib kelish va yaqin qarindoshlarini xabardor qilish bo‘yicha tadbirlar olib borilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan ma’lumot olish uchun FVVning +99871 147-10-50 "tezkor raqami"ga murojaat qilish mumkinligini bildirgan.