Mirziyoyev amaldorlarga to‘ylarga borishni man etdi

Prezident dabdabali to‘ylar qilish o‘rniga muhtojlarga yordam berishga chaqirgan
Sputnik

TOShKENT, 3 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dabdabali to‘y-marosimlarni nishonlaydigan davlat mansabdorlarini tanqid qildi, deb yozadi Uznews.uz.

O‘zbekiston faollari mamlakat xalqini dabdabaga qarshi kurashishga da’vat qildi

"Bosh vazirdan boshlab hokimgacha, ijro organi rahbariga to‘y-marosimga borishi man etiladi. Choyxonalarning yonida davlat mashinasi turganini ko‘rgan kunim shartta ishdan olib tashlayman, jinoiy javobgarlikka tortaman. To‘y eng ko‘pi 150 kishiga, osh 200 kishiga bo‘ladi. Birorta rahbar uyida tug‘ilgan kunini ham, to‘yini ham mendan boshlab nishonlamaydi", — degan Mirziyoyev.

Prezident dabdabali to‘ylar qilish o‘rniga muhtojlarga yordam berishga chaqirgan.

"Bo‘ldi, u zamonlar tugadi endi, odamlarning g‘ashini keltirapmiz, la’natini keltirapmiz. Marosim ham, to‘y ham rahbarlarsiz bo‘ladi. Bosh vazir boradi g‘o‘dayib hamma muovini bilan, hamma turadi… Sen o‘sha qilgan 20 kilogramm go‘shtingni puliga bitta kambag‘alning uyiga borib kraska qilib ber, televizor olib ber, noinsof", — deya ta’kidlagan davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq respublika "Mahalla" xayriya jamoat fondi va "Nuroniy" jamg‘armasi faollarining o‘zbekistonliklarga murojaatini e’lon qilgandi.

Murojaatda keyingi paytlarda to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazishda shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, atrofda yashayotgan odamlarning hol-ahvolini inobatga olmaslik, o‘zbek xalqining urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi salbiy illatlar ko‘zga tashlanayotgani qayd etilgan va bunday illatlarga qarshi hamma bir tanu bir jon bo‘lib kurashishi lozimligi aytilgan.