Toshkentda endi "Tozalash-antiterror" tadbiri o‘tkazilmaydigan bo‘ldi

Endilikda ushbu operatsiyaning o‘rniga "Xavfsiz hudud" kompleks tadbiri joriy etildi
Sputnik

TOShKENT, 2 mar — Sputnik. O‘zbekistonda deyarli 20-yildan buyon Mustaqillik kuni, Konstitutsiya kuni, Yangi yil va Navro‘z kabi yirik bayramlar arafasida o‘tkazib kelingan "Tozalash-antiterror" tadbiri Toshkent shahrida endi o‘tkazilmaydigan bo‘ldi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Toshkentda "Tozalash-antiterror" operatsiyalari boshlandi

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevning aytishicha, endilikda ushbu operatsiyaning o‘rniga "Xavfsiz hudud" kompleks tadbiri joriy etildi.

"1999 yilda yuz bergan voqealar munosabati bilan 15-yildan ortiq vaqt davomida "Tozalash-antiterror" tadbiri o‘tkazib kelindi. Operatsiya favqulodda vaziyatlar va terrorchilik harakatlarining oldini olishga qaratilgan edi. Reydlar doirasida huquqni muhofaza qiluvchilar asosiy e’tiborni Toshkentda doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmagan shaxslarni aniqlashga, xorijiy va fuqaroligi yo‘q shaxslarning mamlakat hududida bo‘lib turish qoidalariga amal qilishlariga qaratishgandi", — dedi Toshxo‘jayev.

U shuningdek, "Tozalash-antiterror" tadbirining "Xavfsiz hudud" deb o‘zgartirilishi uning maqsadlarini ham tubdan o‘zgartirganini qo‘shimcha qildi.

Toshkentda yil boshidan 1800 ortiq qidiruvda bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi

O‘zbekiston prezidentining qarori asosida 2018-yil 23-fevraldan 20-martga qadar Navro‘z bayramini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish, jamoat tartibini saqlash samaradorligini oshirish, qonun buzilishlari profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash maqsadida Toshkent shahrida "Xavfsiz hudud" nomi ostida kompleks tadbirlar o‘tkaziladi.

IIB xodimlari mahallalardagi oilalarning muammolarini o‘rganish va hal qilish bilan shug‘ullanishadi. Huquqni muhofaza qiluvchilar o‘zlariga biriktirilgan hududda ayniqsa yoshlarning tadbirkorligi va bandligini ta’minlashga ko‘maklashishadi. Aynan mana shu sa’y-harakatlar mahalladagi jinoyatchilikning oldini olida muhim omil bo‘ladi.

"Xodimlarimiz ko‘chada hujjatsiz ushlangan fuqarolarga nisbatan xayrixohlik ko‘rsatishlari, ularni shaxsini aniqlash uchun ilgari bo‘lganidek uchastkaga emas, uylariga olib borishlari lozim bo‘ladi", — dedi Toshxo‘jayev.

"Xavfsiz hudud" operatsiyasi doirasida o‘tkaziladigan profilaktik tadbirlar bilan poytaxt IIBB ichki ishlar bo‘limlari kesimida tashkil qilingan to‘qqizta ishchi guruh shug‘ullanadi.