Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatidagi islohotlar jarayoni bilan tanishmoqda

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil 28-mart kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayoni ishlar bilan tanishgan edi
Sputnik

TOShKENT, 2 mar – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2-mart kuni Navoiy viloyatiga keldi.

Shavkat Mirziyoyev Navoiy yuk tashish aeroportini tanqid qildi

Davlat rahbari dastlab, Karmana tumanidagi "Karmana golden eggs" mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi. Uni tashkil qilish bo‘yicha loyiha o‘tgan yil mart oyida prezidentga taqdim qilingan edi.

Oradan o‘tgan vaqt davomida birinchi bosqichdagi ishlar boshlandi. 90 kunda jo‘ja yetishtirishga mo‘ljallangan parrandachilik kompleksida ellik ish o‘rni yaratildi. Majmuada jo‘ja 90 kun davomida parvarishlanib, tuxim beradigan tovuq holida sotuvga chiqariladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev loyiha tashabbuskori bilan kelajak rejalari haqida suhbatlashdi. Ma’lum qilinganidek, 2019-yilda inkubatsiya, tuxim yetishtirish komplekslarini ishga tushirish mo‘ljallangan. Olinadigan mahsulotning 30 foizi eksportga chiqariladi, yuz kishining bandligi ta’minlanadi.

– Parrandachilik bo‘yicha tizim yaratilibdi, – dedi prezident. – Endi bu yerda tuxum yetishtirish va uni eksportga chiqarishni yo‘lga qo‘yish lozim.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil 28-mart kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayoni ishlar bilan tanishgan edi.