TOShKENT, 1 mar — Sputnik. “Yalla” ansambli rahbari Farrux Zokirovga Qirg‘iziston prezidenti nomidan “Do‘stlik” ordeni topshirildi.
Mukofotni Qirg‘iziston prezidenti nomidan respublikaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniyar Sidikov topshirdi. Mukofot topshirish marosimi O‘zbekiston va Qirg‘iziston orasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining25 yilligi arafasida amalga oshirildi.
Novosti Uzbekistana xabariga ko‘ra, ushbu mukofot haqidagi farmon 2017-yilning noyabr oyida, Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev tomonidan imzolangan.
Farmonda aytilishiga ko‘ra, ushbu mukofot Farrux Zokirovga O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlari orasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi hamda ko‘p yillik unumli ijodiy mehnati uchun berilgan.
Farrux Zokirov 1976-yildan buyon “Yalla” ansambliga rahbarlik qilib kelmoqda. Ansamblning O‘zbekiston, MDH mamlakatlari, AQSh, Isroil va dunyoning boshqa mamlakatlarida ham muxlislari juda ko‘p.