Prezident bog‘cha xodimlarining maoshlarini oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi

Ayrim tumanlarda bog‘cha uchun to‘lov miqdori ikki baravar pasaytirildi
Sputnik

TOShKENT, 28 fev – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun "Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, 2018-yil 1-martdan boshlab mudirlar, tarbiyachilar, metodistlar, o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar, musiqa rahbarlari va tarbiyachining yordamchilari mehnatida haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari 30 foizga tabaqalashtirib oshiriladi.

O‘zbekistonda bog‘cha tarbiyachilari OTMlarda bepul qayta tayyorgarlikdan o‘tmoqda

Joriy yilning 1-sentabridan boshlab esa tayyorgarlik (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) guruhi tarbiyachilari, oliy ma’lumotli o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar mehnatida haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalarini, ularning bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini umumta’lim maktablari boshlang‘ich sinflari o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari miqdorlariga tenglashtirgan holda 30 foizga tabaqalashtirib oshiriladi.

Oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar pedagogik ma’lumotli tarbiyachining o‘rinbosarlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari 20 foizga, maktabgacha ta’lim muassasalari mudirlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari 10 foizga tabaqalashtirib oshiriladi.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Kasbi, Mirishkor, Qamashi, Chiroqchi, Nishon, Yakkabog‘ va G‘uzor tumanlarida, Buxoro viloyatining Olot, Shofirkon, Qorako‘l, Peshku va Romitan tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Muzrabot, Oltinsoy, Boysun, Qumqo‘rg‘on, Uzun, Sariosiyo tumanlarida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar saqlangani uchun amaldagi ota-onalar to‘lovi miqdori 2023-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda ikki baravar pasaytiriladi.