Erdog‘anning Toshkentga tashrifi tayyorgarligini hukumatlararo qo‘shma komissiya ko‘rib chiqadi

O‘zbek-turk hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar - Mirziyoyev va Erdog‘an o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon qo‘ng‘irog‘ining asosiy mavzusiga aylandi
Sputnik

TOShKENT, 27 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdog‘an o‘rtasidagi telefon muloqoti davomida Turkiya prezidentining O‘zbekistonga bo‘lg‘usi oliy darajadagi tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini tashkillashtirish muhimligi e’tirof etildi. Bu haqda 26-fevral kuni O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati xabar berdi.

Mirziyoyev va Erdo‘g‘on nimalarga kelishib oldi?
Ta’kidlanishicha, Mirziyoyev suhbat avvalida Erdog‘anni tug‘ilgan kuni bilan samimiy qutlab, uning O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi qardoshlik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan katta e’tibori va sa’y-harakatlarini hamda qo‘shayotgan ulkan hissasini alohida qayd etgan.

Erdog‘an Mirziyoyevga tabrik va ezgu tilaklar uchun samimiy minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston rahbari timsolida O‘zbekiston — Turkiya hamkorligini har tomonlama mustahkamlash borasida haqiqiy birodar va hamfikrga ega bo‘lganini alohida ta’kidlagan.

Shuningdek, Mirziyoyevning 2017-yil oktabr oyida Turkiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan aniq kelishuv va imzolangan bitimlarning bajarilishi, jumladan, savdo, investitsiya, bank-moliya, transport, turizm va boshqa muhim sohalardagi yirik qo‘shma loyihalarni hayotga to‘liq tatbiq etish borasida kelishib olingan.

Shuningdek, suhbat chog‘ida ikki mamlakat rahbarlari o‘zbek-turk hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qilishgan, mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashishgan.

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik aloqalari hamda an’anaviy yaqin hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqlaganlar.