"O‘zagroeksport" dehqon va fermerlardan sotib olinadigan gilos uchun narx belgiladi

"O‘zagroeksport" AJ dehqon, fermer va tomorqa xo‘jaliklaridan fyuchers (oldindan pul o‘tkazish) shartnomalari asosida xarid qilib oladi
Sputnik

TOShKENT, 27 fev — Sputnik. Dehqon, fermer va tomorqa xo‘jaliklaridan sotib olinadigan gilos mevasi uchun narx belgilandi. Bu haqda "O‘zbekoziqovqatxolding" kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu yil “O‘zagroeksport” o‘rikni to‘rt baravar qimmatiga sotib oladi

Xabarda aytilishicha, meva-sabzavot mahsulotlarini kelajakda qayta ishlash va uning eksportini oshirishdagi dolzarb masalalar bo‘yicha kompaniya tomonidan o‘tkazilgan davra suhbatida eksportga yo‘naltirilmagan gilosni qayta ishlash uchun yuborish dolzarb ekanligi ta’kidlandi.

"Jumladan, ichki bozorda ham o‘z xaridorini topa olmaydigan gilos mevasini endilikda "O‘zbekoziqovqatxolding" tarkibidagi "O‘zagroeksport" AJ dehqon, fermer va tomorqa xo‘jaliklaridan fyuchers (oldindan pul o‘tkazish) shartnomalari asosida xarid qilib oladi", deyiladi xabarda.

Xabarda aytilishicha, 2018-yil gilosni qayta ishlash uchun 1 kilogrammiga 3 ming so‘m narx belgilash maqsadga muvofiq deb topildi.

Xarid masalalari bo‘yicha www.oziq-ovqat.uz sayti yoki marketing@uzagroexport.uz elektron manziliga murojaat qilish mumkinligi aytilmoqda.