TOShKENT, 26 fev – Sputnik. Shu kunlarda O‘zbekiston Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida noyob amaliyotga qo‘l urildi, deb xabar qilmoqda Sog‘liq saqlash vazirlgii axborot xizmati.
Institut olimlari jahon tibbiyotining ilg‘or yo‘nalishi bo‘lgan o‘zak hujayra transplantatsiyasini o‘zlashtirib, ushbu amaliyotni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ydi. 2017-yilda institutda besh nafar og‘ir qon kasalligi bilan xastalangan bemorga shu yo‘nalishda tibbiy yordam ko‘rsatildi va ular sog‘lom hayotga qaytmoqda.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, oldin ushbu amaliyotni bajarish uchun fuqarolar chet davlatlarga borib, 40 mingdan 150-200 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan narxlarda ana shunday jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘layotgan edi. Bundan buyon ushbu murakkab va noyob operatsiyalar O‘zbekistonda ham amalga oshiriladi.
O‘zak hujayra transplantatsiyasini amalga oshirish uchun eng avvalo yuqori texnologiyali diagnostika-tahlil laboratoriya usullari va yuqori sezgirlikka ega reagentlar kerak. Chunki kasallikni aniqlash uchun xromosoma va gen darajasida tahlillar o‘tkazilishi zarur.
Hozirgi kunda institutda yangi texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida gemopoetik o‘zak hujayralarini davolash markazi tashkil etilgan. Yangicha davolash uslubini chuqur o‘zlashtirish maqsadida Turkiya, Germaniya, Rossiya, Chexiya, AQSh kabi mamlakatlarda 35 nafarga yaqin mutaxassislar, jumladan, gematolog vrachlar, laborantlar va hamshiralar malaka oshirib kelishgan.
Jahon tibbiyotida o‘zak hujayrani ko‘chirib o‘tkazishning ikkita turi keng qo‘llaniladi. Birinchisi bemorning o‘zidan sog‘lom o‘zak hujayralarni ko‘chirib o‘tkazish. Bu amaliyot limfoma va miyeloma kasalliklarida qo‘llaniladi.
Ikkinchi uslub esa — o‘tkir leykoz (oqqon) kasalligida qo‘llaniladi. Bunda bemorning asosiy o‘zak hujayrasi ham kasallangan bo‘ladi va bunday vaziyatda donor ko‘magiga ehtiyoj tug‘iladi. O‘zak hujayra transplantatsiyasida bemor uchun, eng avvalo, uning tug‘ishgan aka-uka, opa-singillari asosiy donor bo‘la oladi.
Shuningdek, o‘tgan yildan e’tiboran Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotgan bo‘lsa, yaqinda ushbu markazda mamlakatimiz tibbiyoti tarixida birinchi marta jigarni ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi bajarildi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylanganidan so‘ng O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash sohasi, qattiq tanqid ostiga olingan edi. Xususan, prezident murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun O‘zbekistonlik bemorlar Rossiya, Isroil, Hindiston kabi mamlakatlarga borib minglab dollar xarajat qilishga majbur bo‘layotgani ta’kidlangan edi.