Gruziya O‘zbekiston uchun tranzit yuk tashish narxini ikki baravarga arzonlashtirdi

Gruziya qishloq xo‘jaligi vazirligi va Tbilisi shahri hokimiyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikasi butun liniyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Sputnik

TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Gruziya O‘zbekistonga barcha turdagi o‘zbek mahsulotlari o‘z hududidan temir yo‘l orqali tashib o‘tilishi uchun 50% chegirma taqdim etdi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Saifnazarov boshchiligidagi ishchi guruhining 22-23 fevral kunlari Tbilisiga amalga oshirgan ishchi tashrifi davomida ushbu kelishuvga erishildi.

"Gruziya temir yo‘llari" OAJ rahbariyati bilan bo‘lgan uchrashuvda tomonlar temir yo‘l sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro transport koridorlaridan samarali foydalanish va ikki davlat temir yo‘llari orqali tranzit yuklarini tashish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

"Ushbu muzokaralarning natijalaridan biri, bu Gruziya tomonidan barcha turdagi o‘zbek mahsulotlari tashib o‘tilishi uchun 50% chegirmaning taqdim etilishidir", — dedi Sohib Saifnazarov.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasining Gruziya Iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Tbilisida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi uchrashuvini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida hamkorlik rivojlantirishga kelishib olindi

Uning doirasida maxsus bitimlar va shartnomalar tuzish, xususan, transport va logistika sohasida, Gruziya hududidan o‘tadigan transport koridorlari bo‘yicha masalalar va shuningdek, Tbilisi shahrida qo‘shma savdo uyining ochilishi muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Gruziya qishloq xo‘jaligi vazirligi va Tbilisi shahri hokimiyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikasi butun liniyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yirik mahalliy avtodilerlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Saifnazarovning so‘zlariga ko‘ra, Gruziya O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan avtomobil va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi mahsulotlariga qiziqish bildirgan, shahar ehtiyojlari uchun avtobuslar hamda qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun kichik mexanizatsiyalash mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha tenderlarda faol ishtirok etishni taklif qilgan.

Shuningdek, Gruziya qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Vino Milliy agentligida bo‘lgan uchrashuv natijasida tajriba almashish, uzumchilik va vinochilik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va vino-aroq mahsulotlarini sertifikatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Uzum va mevali daraxtlarni ko‘paytirish milliy markazi bilan imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumiga ko‘ra, xomashyo bazasini o‘rganish va ilmiy-moslashtirilgan uzum ko‘chatlarini yetishtirish, ekish va import qilishdagi istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash uchun O‘zbekistonga yetakchi mutaxassislar jalb qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning sentabrida Nyu-Yorkda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili ikki mamlakat munosabatlarini rivojlantirishga kelishib olishgandi.