Rossiya va Qozog‘istonga boruvchilar uchun yangi avtobus yo‘nalishlari ochiladi

Prezidentning Buxoro viloyatiga yaqinda qilgan tashrifi chog‘ida viloyatdan Rossiya shaharlariga avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish borasida fikrlar bildirilgandi
Sputnik

TOShKENT, 23 fev — Sputnik. O‘zbekiston hukumati Qozog‘iston va Rossiyaga mehnat qilgani boruvchi fuqarolar uchun yangi yo‘nalishlar ochish ustida faol ish olib bormoqda, dedi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Zokir Umarov Sputnik muxbiri bilan suhbatda.

Toshkent - Chimkent yo‘nalishida birinchi avtobus yo‘lga chiqdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasi tayyorlangan. Hujjat yaqin vaqt ichida qabul qilinishi kutilmoqda.

"Talab yuqori yo‘nalishlar bo‘yicha nafaqat avtobus marshrutlarini ko‘paytirish imkoniyati, balki Rossiya va Qozog‘iston mintaqalariga yangi temir yo‘l yo‘nalishlarini tashkil etish, poyezdlarga qo‘shimcha vagonlar biriktirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu masalada Rossiya temir yo‘llari kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilmoqda", — dedi Umarov.

Uning aytishicha, tez orada O‘zbekistondan Qozog‘iston orqali Rossiya va boshqa mamlakatlarga avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

"Ushbu tizim samarali va puxta ishlashi uchun prezident qarori darajasida qo‘shimcha hujjatlar qabul qilishimiz va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga ayrim o‘zgartishlar kiritishimiz lozim. Tez orada bu hujjatlar qabul qilinadi va tizim ishga tushadi", — dedi vazir o‘rinbosari.

Buxorodan Rossiya shaharlariga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

U shuningdek, O‘zbekiston havo yo‘llari bilan ham xuddi shunday ish olib borilayotganini qo‘shimcha qildi.

Suhbatdoshning aytishicha, aviakompaniya va "O‘zbekiston temir yo‘llari" tomonidan narx siyosatini takomillashtirish ayniqsa muhim o‘rin tutadi. Samolyot va poyezd chiptalari arzon bo‘lishi darkor.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, tegishli vazirlik va idoralar respublika fuqarolarining yo‘nalishlar bo‘yicha talablarini hisobga olgan holda fevral oxiriga qadar Vazirlar Mahkamasiga xalqaro yo‘nalishlarda muntazam avtobus qatnovlarini tashkil etish borasida o‘z takliflarini kiritishlari lozim.

Xususan, prezidentning Buxoro viloyatiga yaqinda qilgan tashrifi chog‘ida viloyatdan Rossiya shaharlariga avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish borasida fikrlar bildirilgandi.