Har bir mahallada "Salomatlik maktabi" tashkil etiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi "Salomatlik maktablari" faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqdi
Sputnik

TOShKENT, 24 fev — Sputnik. O‘zbekistondagi barcha mahallalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi "Salomatlik maktablari" tashkil etilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga 300 mlrd so‘m foizsiz budjet ssudasi beriladi
"Salomatlik maktablari"ning asosiy vazifasi tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, kasalliklarning oldini olish va reproduktiv salomatlikni muhofaza qilishga qaratilgan birlamchi profilaktika ishlarini keng jamoatchilik orasida olib borishdir. Ushbu maktablaring o‘ziga xos jihati shundaki, bunda hisobot va ma’lumot yozish kabi qog‘ozbozlik ishlaridan chekinilib, asosiy diqqat-e’tibor aholi orasida sog‘lom turmush tarzini ta’sirchan va samarali usullar orqali targ‘ib qilishga qaratiladi. Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi "Salomatlik maktablari" faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqdi. Shuningdek, bu yo‘nalishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan targ‘ibot tadbirlar dasturi tayyorlandi", — deydi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova.

"Salomatlik maktablari" har bir mahallada jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi. QVPlar, qishloq va shaharlardagi oilaviy poliklinikalarning umumiy amaliyot vrachlari, patronaj hamshiralar, mahalla faollari, ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul xodimlari, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, ta’lim muassasalari shifokorlari hamkorlikda mazkur jamoat tuzilmasiga birlashib, oilalarda, aholi orasida, ta’lim muassasalarida o‘quvchi yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etadi.