Toshkentda to‘xtashni taqiqlovchi yo‘l belgilari olib tashlanmoqda

O‘z ahamiyatini yo‘qotgan "To‘xtash taqiqlangan" yo‘l belgilari olib tashlanib, "To‘xtab turish taqiqlangan" yo‘l belgilariga almashtirilmoqda
Sputnik

TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi shahar ko‘cha va yo‘llaridagi to‘xtashni taqiqlovchi yo‘l belgilarini olib tashlashni boshladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

O‘zbekiston yo‘llarida zamonaviy va yuqori sifatli yo‘l belgilari o‘rnatiladi

Boshqarma xodimlari yo‘l belgilarini xatlovdan o‘tkazish jarayonida o‘z ahamiyatini yo‘qotgan "To‘xtash taqiqlangan" yo‘l belgilarini olib tashlab, "To‘xtab turish taqiqlangan" yo‘l belgilariga almashtirmoqda.

"Xatlov jarayonida yo‘l belgilarining harakat ishtirokchilariga ko‘rinish darajasiga, shuningdek ularning ko‘cha va yo‘llar belgilangan qismlaridagi mavjud holatga mosligiga e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda ko‘rilayotgan choralar yo‘l harakati ishtirokchilariga qo‘shimcha qulayliklar va yo‘lovchilarni muammosiz tushirib chiqarish imkoniyatini yaratadi", — deya qayd etdi IIBB matbuot xizmati.

O‘tgan yilning oktabrida O‘zbekiston hukumati o‘rnatilgan yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatkichlari, yo‘l harakatini boshqarishning boshqa texnik vositalarini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlagandi.