Navro‘z bayramini nishonlash to‘g‘risida prezident qarori e’lon qilindi

Navro‘z kunlarida yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish, ularga beg‘araz ko‘mak berish, jamiyatda o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan savob ishlar, xayriya tadbirlari va ommaviy hasharlarni amalga oshiriladi
Sputnik

TOShKENT, 23 fev — Sputnik. 2018-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilindi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Qarorga ko‘ra, "Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!" degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan bayram O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o‘tkaziladi.

Navro‘z jilolari – fotoko‘rgazma
Bayram dasturini tayyorlashda barcha shahar va qishloqlarda Navro‘zning tarixi, mazmuni va falsafasini, ushbu bayramni o‘tkazish bilan bog‘liq urf-odatlar, qadriyat va an’analarning mohiyati va ahamiyatini o‘zida mujassam etgan ommaviy sayillar o‘tkazilishiga e’tibor beriladi.

Navro‘z kunlarida yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish, ularga beg‘araz ko‘mak berish, jamiyatda o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan savob ishlar, xayriya tadbirlari va ommaviy hasharlarni amalga oshiriladi.

Xalq sayillari dasturlarini tayyorlashda xalqona o‘yinlar, folklor san’atining eng yaxshi namunalariga keng o‘rin berish, hunarmandlik ko‘rgazmalarini tashkil etish, ibratli oila, ibratli mahalla, ibratli maktab, mohir baxshi, mohir laparchi yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish, adabiy-badiiy uchrashuvlar, kitob bayramlarini tashkil etishga e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, qarorda mart-aprel oylarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligini tashkil etish hamda bu boradagi ishlar eng yaxshi yo‘lga qo‘yilgan tuman, qishloq va mahallalar tajribasini ommalashtirish belgilangan.