O‘zbekistonning sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirov hibsga olinmagan - OAV

Ilgariroq OAVlarda Qodirovga yirik miqdorda davlat mulkini o‘zlashtirish va xorij banklari vositasida pul yuvish amaliyotlari o‘tkazish aybi qo‘yilayotgani hamda u hibsga olingani haqida xabarlar tarqalgan edi
Sputnik

TOShKENT, 23 fev — Sputnik. O‘zbekistondagi mahalliy OAVlar mamlakat sobiq Bosh prokurori, 66 yashar Rashidjon Qodirov hibsga olingani haqidagi xabarlarni rad etmoqda.

Bosh prokurorga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
Ilgariroq xorijiy OAVlarda Islom Karimov davridagi prokuror — Rashidjon Qodirov 22-fevral kuni qo‘lga olingani, unga nisbatan yirik miqdorda davlat mulkini o‘zlashtirish va xorij banklari vositasida pul yuvish amaliyotlari o‘tkazish aybi qo‘yilayotgani hamda unga nisbatan hibsga olish ehtiyot chorasi qo‘llangani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Mahalliy internet nashrlar, xususan, "Kun.uz" va "Daryo.uz" axborot nashrlari prokuraturadagi manbalariga tayangan holda Qodirovning hibsga olingani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etmoqda.

Ularga ko‘ra, bosh prokuratura Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xodimi Qodirovga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqida tarqalgan xabarlarni rasman inkor qilgan.

Respublika Bosh prokurori lavozimida 2000-yil aprelidan faoliyat yuritib 15-yil ishlagan Rashidjon Qodirov 2015-yilning aprelida ishdan bo‘shatilgan. U 2015-yil mayidan Respublika Konstitutsion sudi a’zosiga aylangan, ammo 2017-yilning avgustidan sud a’zolari tarkibidan uning nomi o‘chirilgan.