O‘zbekistonda test sinovlarini nazorat qilish yanada kuchayadi

Davlat test markazining markaziy apparati tuzilmasida Test sinovlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi, Test sinovlarining kompyuter tahlili va axborotlashtirish boshqarmasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bo‘limlari tashkil etilmoqda
Sputnik

TOShKENT, 22 fev — Sputnik. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi, deb xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Imtihonsiz nostrifikatsiya: mingta eng yaxshi oliy o‘quv yurtlarini tamomlaganlar uchun

Qarorda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarini topshiruvchi abituriyentlar sonining oshib borishi yiliga o‘rtacha 10 foizni tashkil etmoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2018-yilda oliy ta’lim muassasalariga 810 mingdan ortiq abituriyentlarning hujjat topshirishi kutilmoqda.

Abituriyentlar sonining keskin o‘sishi tegishli ravishda test sinovlari jarayoniga davlat boshqaruvi organlari bilan kelishilgan holda jalb etilayotgan nazoratchilar soni va test materiallarini sifatli tayyorlash bilan bog‘liq ishlar hajmi ortib borishiga sabab bo‘lmoqda.

Test sinovlari jarayoniga jalb etilayotgan ishtirokchilar soni va test materiallarini sifatli tayyorlash bilan bog‘liq ish hajmining ortib borishi tanlangan bino va auditoriyalarning jihozlanishi belgilangan talablarga javob bermasligiga, binolar oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan bosh shtabdan uzoq masofada va tarqoq joylashishiga olib keldi. Buning natijasida test sinovlarini nazorat qilish sifatining tushib ketishi kuzatildi.

Yangi o‘quv yilida uch oliygohda sirtqi bo‘limlar ochiladi

Davlat test markazining faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari bo‘yicha: markaz rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish; markaz faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari ko‘riladi.

Qaror bilan Davlat test markazining quyidagi asosiy vazifalari belgilandi:

— test sinovlarini tashkil etish, o‘tkazish, natijalarini tahlil etish va e’lon qilish;

— test texnologiyalarini rivojlantirish, pedagogik o‘lchov vositalarini takomillashtirish;

— chet tillarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini rivojlantirish.

Shuningdek qaror bilan Davlat test markazining yangilangan tuzilmasi va nizomi tasdiqlandi.

Davlat test markazining markaziy apparati tuzilmasida Test sinovlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi, Test sinovlarining kompyuter tahlili va axborotlashtirish boshqarmasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bo‘limlari tashkil etilmoqda.