"O‘zbektelekom": yil oxiriga borib internet o‘n baravar tez ishlaydigan bo‘ladi

"O‘zbektelekom" AKning marketing va savdo bo‘yicha direktori Yevgeniy Vishnevskiy kompaniya bu borada faol ish olib borayotganini aytdi
Sputnik

TOShKENT, 22 fev — Sputnik. O‘zbekistonda internet tezligi yil oxiriga qadar avval aytilganidek to‘rt emas, o‘n baravarga oshadi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

"O‘zbektelekom" AKning marketing va savdo bo‘yicha direktori Yevgeniy Vishnevskiyning aytishicha, kompaniya bu borada faol ish olib bormoqda.

Mirziyoyev Internet narxini arzonlashtirish va tezligini kamida 4 barobarga oshirishni buyurdi

"O‘zbektelekom" internet tezligini oshirish borasida qo‘shni va boshqa davlatlarning turli aloqa operatorlari bilan ko‘plab kelishuvlarga erishdi. Biz ular taqdim etadigan kanallarni kengaytirishni rejalashtirganmiz. Bundan tashqari, asosiy kanallar tezligi pasayganida foydalanish uchun zaxira kanallar tashkil etiladi", – dedi Vishnevskiy.

Xususan, "Rostelekom" bilan yaqinda o‘tkazilgan muzokaralarda internet-kanallarni kengaytirish masalasi muhokama qilindi.

"O‘zbektelekom" Rossiyaning ushbu operatori bilan ko‘p yillardan buyon hamkorlik qilib keladi.

"Biz yil oxiriga qadar internet-kanalni prezident aytganidek to‘rt emas, o‘n baravarga oshirishni ta’minlashni rejalashtirganmiz", – dedi suhbatdosh.

Uning aytishicha, shu bilan birga tarmoqqa ulanish narxlari ham pasayadi. Ammo iste’molchi uchun qanday vaziyat paydo bo‘lishi provayder va operatorlarga bog‘liq bo‘ladi.

Sifatsiz internet va mobil aloqa uchun operatorlar jarimaga tortiladi

"Gap "O‘zbektelekom" narxlarining operatorlar uchun pasayishi haqida bormoqda. Iste’molchilar uchun internet narxini esa har bir provayder o‘zi belgilaydi. Kimdir narxni pasaytirishi, kimdir qo‘shimcha tezlik yoki qo‘shimcha trafik taqdim etishi mumkin", – dedi Vishnevskiy.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda internet narxini keskin arzonlashtirish, tezligini kamida 4 barobarga oshirish, 2020-yilgacha esa MDH davlatlari darajasiga yetkazish chora-tadbirlarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Hozirda MDH davlatlarida internetga ulanishning o‘rtacha tezligi O‘zbekistondagiga nisbatan o‘n baravar yuqori.

O‘zbekiston Qozog‘iston va Rossiya orqali keluvchi shimoliy-internet kanaldan foydalanadi. Axborot texnologiyalarini va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi janubiy yo‘nalish – Turkmaniston, Eron, Qirg‘iziston, Xitoy orqali internet kanalga ulanish masalasini ko‘rib chiqmoqda.