TOShKENT, 21 fev – Sputnik. Toshkent shahrida 21-23 fevral kunlari xorijlik jangari-terrorchilarni identifikatsiya qilish va shaxsini aniqlash texnikasi masalalariga bag‘ishlangan milliy seminar bo‘lib o‘tadi.
Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rasmiy sayti xabar berdi. Seminar Markaziy Osiyo chegaralarini boshqarishga ko‘maklashish dasturi(BOMKA-9) doirasida tashkil etiladi.
Seminar davomida ekspertlar xorijlik jangari-terrorchilarni identifikatsiya qilish va shaxsini aniqlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashishadi, chegara-o‘tkazuv punktlarida jangari-terrorchilarni identifikatsiya qilish va shaxsini aniqlash metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Shuningdek, milliy idoralar tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashining zo‘ravonlik ekstremizmiga qarshi kurashish sohasidagi tavsiyalarining amalga oshirilishi bo‘yicha qo‘shimcha amaliy harakatlar muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu mavzudagi tadbir 2016-yilda ham bo‘lib o‘tgandi.
Markaziy Osiyoda BOMKA dasturi 2003-yilda faoliyat boshlagan bo‘lib, u mintaqa davlatlari o‘rtasida chegaralarni boshqarish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shib kelmoqda. 2003-2018 yillar davomida dastur bajarilishiga 40,8 million yevro ajratilgan bo‘lib, undan deyarli 5 million yevro dasturning 2015-2018 yillarni o‘z ichiga olgan to‘qqizinchi fazasini amalga oshirish uchun taqdim etilgan.