Qozog‘iston IIV o‘zbekistonliklar yonib ketgan avtobus texnik nosoz bo‘lganini ma’lum qildi

Avtobus haydovchilari M.Pernebekov, N.Qirg‘izboyev hamda B.Tanatov jinoiy javobgarlikka tortilgan
Sputnik

TOShKENT, 20 fev — Sputnik. O‘zbekistonliklarni Rossiyaga olib ketayotgan avtobus texni nosoz bo‘lgan, deb ma’lum qildi Qozog‘iston ichki ishlar vaziri Kalmuxanbet Kasimov deputatlari so‘roviga javobida.

Vazirning bildirishicha, avtobus texnik nosozlik sababli Chimkent-Samara avtotrassasining 1068-kilometrida harakatlanishdan to‘xtagan. Avtobus haydovchilari bu haqda favqulodda xizmatlarga xabar bermay hamda yo‘lovchilar xavfsizligi bo‘yicha choralar ko‘rmay, yoqilgan kavshar lampa yordamida ehtiyotsizlik tufayli ochiq idishdan benzin to‘kib yuborilgan transport vositasi salonini isitishni boshlashgan va oqibatda yong‘in yuz bergan.

Aqto‘beda yonib ketgan avtobus haydovchilari hibsga olindi, ular 10-yilga qamalishi mumkin

Vazirlik tergov departamenti tomonidan Aqto‘be viloyatida 52 kishining halok bo‘lishi holati yuzasidan Qozog‘iston JKning 345-moddasi 4-qismi va 348-moddasi 4-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, deb yozadi Sputnik Qozog‘iston.

Avtobus haydovchilari M.Pernebekov, N.Qirg‘izboyev hamda B.Tanatov jinoiy javobgarlikka tortilgan, ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov davomida texnik nosoz avtobusning yo‘nalishga chiqarilishi sabablari, shartlari va asoslari aniqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 18-yanvar kuni Chimkent-Samara avtotrassasida ichida 57 kishi bo‘lgan avtobus yonib ketgandi. Yong‘inda 52 kishi halok bo‘lgan, uch nafar qozog‘istonlik va ikki nafar o‘zbekistonlik fuqaro omon qolgan.