O‘zbekistonda 1-martdan notarial boj stavkalari kamaytirildi

2018 yilning 1-martidan boshlab avtotransport, uy-joy oldi-sotdisi va yana bir qator amaliyotlar bilan bilan bog‘liq notarial stavkalari kamaytirildi ularni hisoblash tartibi soddalashtirildi.
Sputnik

TOShKENT, 18 fev – Sputnik. O‘zbekistonda notarial boj stavkalari va ularni hisoblash tartibi qayta ko‘rib chiqildi, deb xabar qilmoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-fevraldagi 123-son qaroriga binoan davlat boji miqdorlarini hisoblash tizimi yanada soddalashtirilib, aholi uchun yengilliklar yaratildi.

Xususan, quyidagi notarial harakatlar uchun stavkalar kamaytirildi:

    avtomashinani boshqarish yoki sotish huquqi bilan ishonchnomalarni yaqin qarindoshlarga berganlik uchun eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari, begona shaxslarga berganlik uchun esa eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorida davlat boji undirilishi belgilandi. Bunda davlat boji miqdori 1,7 baravarga arzonlashdi;

    avtomashinalarni oldi-sotdi, hadya va ayirboshlash shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji avtomashinaning chet elda yoki mamlakatimizda ishlab chiqarilganligidan qat’iy nazar, bir xil belgilandi va uning miqdori o‘rtacha 2-5 marotabaga arzonlashdi;

    uy-joylarni oldi-sotdi, hadya va ayirboshlash shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji ular joylashgan aholi hududiga qarab belgilandi. Bunda, viloyatlarning chekka tuman va shaharlaridagi uy-joylar uchun davlat boji 2 baravar arzonlashdi;

    aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvlar, garov, ipoteka, lizing, kafillik, tekin foydalanish va qarz shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji aniq va tushunarli miqdorlarda belgilandi.

    Mazkur qaror loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.