TOShKENT, 16 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi davomida Peshku tumanida viloyat faollari va mutasaddi rahbarlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Buxoroga tashrifdan eng asosiy maqsad odamlarni ish bilan ta’minlash ekani, aniq loyihalarni hayotga tatbiq etish hisobidan viloyatda 90 ming ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilganini ta’kidladi.
Yig‘ilishda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rni yaratgan subyektlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, mahalliy budjetga tushumlarni oshirish masalalari muhokama qilindi.
Prezident o‘tgan yili viloyatda amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilib, ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Joylardagi ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, aholi turmushi uchun qulayliklarni oshirishga e’tibor qaratdi.