Ichki ishlar bo‘limlari xodimlari elektroshoker va planshetlar bilan ta’minlanadi

Bugungi kunda dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida jamoat tartibini saqlash kuchlari elektroshokerlardan foydalanadi
Sputnik

TOShKENT, 15 fev — Sputnik. O‘zbekistonda ichki ishlar bo‘limlari xodimlari tabel o‘qotar quroli o‘rniga elektroshok vositalari bilan ta’minlanishi rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Ichki ishlar bo‘limlari rahbarlariga mustaqil qaror qabul qilish huquqi berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ikki oy muddatda muvofiqlashtirish boshqarmalari va ichki ishlar bo‘limlari xodimlarini bosqichma-bosqich tabel o‘qotar quroli o‘rniga elektroshok vositalari bilan ta’minlash to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish topshirildi. Bunda ularni qo‘llashning qat’iy tartibi va shartlari belgilanishi lozim.

Bundan tashqari, ichki ishlar bo‘limlari xodimlariga xizmat uyali telefonlari (planshetlar) ham beriladi. Birinchi navbatda, profilaktika inspektorlari va tezkor vakillari ushbu qurilmalar bilan ta’minlanadi.

Barcha qurilmalar maqsadli dasturiy ta’minot o‘rnatilgan va ichki ishlar organlari elektron axborot tizimlarining ma’lumotlar bazalariga ulangan holda bo‘ladi.

Bugungi kunda dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida jamoat tartibini saqlash kuchlari elektroshokerlardan foydalanadi. Ushbu vosita qo‘llanilganida kishida mushaklar qisqarishi yuz berib, u muvozanatini yo‘qotishi, ba’zi hollarda hushidan ketishi mumkin.