Mirziyoyev qarori bilan IIV tizimiga yangi lavozimlar kiritildi

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosariga Toshkent shahrining barcha ichki ishlar organlari faoliyatini, shu jumladan, biriktirilgan kuch va vositalarni muvofiqlashtirish huquqi berildi
Sputnik

TOShKENT, 15 fev — Sputnik. Ichki ishlar vazirligida yangi lavozimlar joriy etildi. Bu haqda 14-fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi qarorida aytib o‘tilgan.

O‘zbekiston IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda — Bosh boshqarma) boshlig‘i, unga jamoat tartibini samarali saqlashni, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishni ta’minlash maqsadida Toshkent shahrining barcha ichki ishlar organlari faoliyatini, shu jumladan, biriktirilgan kuch va vositalarni muvofiqlashtirish huquqi berilgan.

Shuningdek, Bosh boshqarma boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — profilaktika inspektorlarining, eng avvalo, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi samarali faoliyatini tashkil etish, ushbu yo‘nalishda barcha sohaviy xizmatlarning o‘zaro muvofiqlashgan hamkorligini ta’minlash uchun javobgar etib belgilangan.

"Muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘ining maslahatchisi — jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida katta amaliy ish tajribasiga hamda ushbu organlar tizimida obro‘ va hurmatga ega bo‘lgan ichki ishlar organlarining pensionerlari orasidan jamoatchilik asosida jamlanadi va unga to‘lanayotgan pensiyasining 30 foizi miqdorida budjet mablag‘lari hisobidan oylik ustama haq belgilanadi", — deyiladi qaror matnida.