O‘zbekistonda ilk marta jigar bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi o‘tkazildi

Jigar sirrozi bilan og‘rigan 26 yoshli bemorga uning akasi donorligida jigar bo‘lagi transplantatsiyasi bajarildi
Sputnik

TOShKENT, 14 fev – Sputnik. Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya markazida bemorga tirik donor qarindoshdan jigar bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatiga asoslanib "Xalq so‘zi" xabar berdi.

Operatsiya Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya markazi direktori, akademik Feruz Nazirov va Rossiya Transplantologiya va sun’iy a’zolar Milliy tibbiy tadqiqot markazi direktori, akademik Sergey Gotye rahbarligida o‘tdi.

O‘zbekistonda odam a’zolarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida qonun ishlab chiqilmoqda

Xabarda aytilishicha, o‘zbek va rus jarrohlari hamkorligidagi guruh bilan jigar sirrozi bilan og‘rigan 26 yoshli bemorga uning akasi donorligida ilk bor jigar bo‘lagi transplantatsiyasi bajarildi.

Jarayonda 21 nafar shifokor, 10 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari ishtirok etishdi. Operatsiya jarayoni qariyb 15 soat davom etdi. Hozirgacha olingan barcha tahlillar bemor va donorning umumiy salomatligi yaxshi ekanini ko‘rsatmoqda.

Qayd etish joiz, bunday yuqori texnologik operatsiyalar Amerika, Rossiya, Germaniya, Norvegiya, Shveysariya va Hindiston kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlardagina bajariladi, xolos. O‘zbekiston ushbu mamlakatlar qatoridan joy oldi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2017-yil boshida o‘tkazgan majlisida O‘zbekiston tibbiyot sohasini jiddiy tanqid qilib, odamlar kerakli tibbiy xizmatlarni olish uchun chet ellarga borishga majbur bo‘layotgani haqida aytib o‘tgan va murakkab tibbiy operatsiyalarni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilgan edi.