O‘zbekiston hududida bolalarni o‘g‘irlaydigan jinoiy guruhlar yo‘q - IIV

Ilgariroq O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlarda bolalarni ularning organlarini olish uchun o‘g‘irlayotgan jinoyatchilar paydo bo‘lgani haqida xabar paydo bo‘lgan edi
Sputnik

TOShKENT, 12 fev — Sputnik. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi bolalarni organlar uchun o‘g‘irlayotgan jinoiy guruhlar paydo bo‘lgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.

Farzandini sotib puliga uy olmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi
Ilgariroq ijtimoiy tarmoqlarda bolalarni o‘g‘irlash bilan bog‘liq bir nechta holat yuz bergani, yaqinda paydo bo‘lgan jinoiy guruh bolalarni organlar uchun o‘g‘irlayotgani haqidagi vahimali xabarlar paydo bo‘lgan edi. Farg‘ona viloyatida sodir bo‘lgan besh yashar qizaloqning o‘ldirilishi bunga misol tariqasida keltirilayotgan edi.

Ammo IIV ushbu mish-mishlarni inkor etdi, va bu xabar haqiqatga mos kelmasligini ta’kidladi.

"O‘zbekiston hududida bolalarni o‘g‘irlash bilan shug‘ullanadigan jinoiy guruhlar yo‘q. Farg‘onada vafot etgan qizaloqning barcha organlari o‘z joyida, organlarning olinganligi yoki ko‘chirib o‘tkazilgani izlari mavjud emas", — deb ta’kidlagan vazirlik.

O‘zbekistonda goh-gohida bolalar organlar uchun o‘g‘irlanayotgani haqidagi mish-mishlar paydo bo‘lib turadi, ammo bu xabarlar o‘z tasdig‘ini topmaydi. Shu bilan birga, o‘z farzandlarini ma’lum summaga sotishga rozi bo‘lgan ota-onalar haqidagi xabarlar berilib boriladi.

Yanvar oyining oxirida Farg‘ona viloyatida bolalar savdosi bilan bog‘liq ikki hodisaning oldi olingan. Birinchi holatda ona o‘zining uch oylik zurriyodini 13 ming dollarga pullamoqchi bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi holatda — uch yashar bola uchun yetti ming dollar so‘ragan.