Qirg‘izistonliklar O‘zbekistonga avvalgidan 30-marta ko‘p tovarni bojsiz olib kirishi mumkin

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-fevral kuni "Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi
Sputnik

TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Qirg‘iziston fuqarolariga avtoyo‘l o‘tkazish punktlari orqali O‘zbekiston hududiga qiymati 300 dollargacha miqdordagi tovarlarni olib o‘tishga ruxsat berildi, deb yozadi Sputnik Qirg‘iziston ushbu mamlakat davlat bojxona xizmatiga asoslanib.

Xabarda aytilishicha, ilgari jismoniy shaxslar Qirg‘izistondan O‘zbekistonga shaxsiy foydalanish uchun umumiy qiymati 10 dollardan ortiq bo‘lmagan miqdordagi tovarni olib kirishlari mumkin edi. Payshanba kuni Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Artom Novikov Bishkekda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayevga ushbu cheklovni 1000 dollargacha oshirishni taklif etgan.

Tovarlarni bojsiz olib kirish va olib chiqish bo‘yicha meyorlar yangilandi

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-fevral kuni "Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Prezident qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan quyidagi cheklangan meyorlari tasdiqlandi:

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda — 2000 (ikki ming) AQSh dollari miqdorida;

O‘zbekiston Davlat chegarasidagi temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda — 1000 (bir ming) AQSh dollari miqdorida;

O‘zbekiston Davlat chegarasidagi avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda — 300 (uch yuz) AQSh dollari miqdorida;

xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar manziliga kelayotgan tovarlar uchun bir kalendar oy mobaynida — 1000 (bir ming) AQSh dollari miqdori belgilandi.