Prezident maktab dasturiga shaxmat darsini kiritishni taklif qildi

Prezident aholining dam olishi uchun qulayliklarni oshirish, xususan, Nuroniylar maskanida choyxona va askiya markazi tashkil qilish, yaqin joyda poliklinika barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi
Sputnik

TOShKENT, 9 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi Qichqiriq kanali bo‘yida bunyod etilayotgan madaniyat va istirohat bog‘ida quriladigan kutubxonalarning poytaxt maktablari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon ijodini yoshlarga chuqurroq o‘rgatish zarurligini ta’kidladi.

Nodirbek Abdusattorov: "Besh yildan so‘ng dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ro‘yxatida bo‘laman"

Loyihaga ko‘ra, bog‘da bolalar va sport maydonchalari, zamonaviy attraksionlar tashkil etiladi, Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon nomidagi kutubxonalar, Nuroniylar maskani quriladi.

Prezident aholining dam olishi uchun qulayliklarni oshirish, xususan, Nuroniylar maskanida choyxona va askiya markazi tashkil qilish, yaqin joyda poliklinika barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida "Xavfsiz shahar" konsepsiyasi asosida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Davlat rahbari uyma-uy yurib, odamlar bilan suhbatlashish, ularning muammolarini hal qilishga ko‘maklashish, ish o‘rinlari yaratish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish zarurligini ta’kidladi.

Shu yerda Toshkent shahar jamoatchiligi vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Mamlakatdagi tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, aholini uy-joy va ish bilan ta’minlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash haqida so‘z yuritildi. Suhbat davomida prezident shuningdek, maktab dasturiga shaxmat darsini kiritishni taklif qildi.