O‘zbekistondan Rossiyaga meva-sabzavot yetkazish hajmi ikki-uch baravarga oshishi mumkin

Rossiya qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Sergey Levin Tashqi savdo vazirligida Rossiya bozoriga yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berish masalalarini muhokama qildi
Sputnik

TOShKENT, 7 fev — Sputnik. Tashqi savdo vazirligida Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Sergey Levin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda tomonlar Rossiya bozoriga yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berish masalalarini muhokama qildi.

Rossiyaga UzAgro brendi ostida dastlabki meva-sabzavot mahsulotlari jo‘natildi

Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Sergey Levin 2017-yilning aprelida bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi uchrashuvlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasidagi rivojlanishga yangi turtki berganini ta’kidladi.

"Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, ikki mamlakat o‘rtasida tuzilgan "Yashil yo‘lak" doirasida Rossiya bozoriga yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berish masalalari muhokama qilindi. Xususan, o‘zbek meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini 2-3 barobar oshirish salohiyati ta’kidlandi", — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, uchrashuv chog‘ida Rossiya delegatsiyasi tomonidan YeXRO-2025 xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazishga nomzod shahar – Yekaterinburgning taqdimoti o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Levin 2017-yilning iyul oyidan Rossiya va O‘zbekiston orasida sinov tartibida "Bojxona yashil yo‘lagi" amal qilayotganini, 2017-yil oxiriga qadar u to‘laqonli ishga tushishini ma’lum qilgandi. Xususan, ikki mamlakat mutaxassislari "Argus FIto"nomli yagona elektron tizimda ishlay boshladi.