"O‘zbekiston havo yo‘llari"ga chiptalarni tannarxidan past narxda sotish huquqi berildi

O‘zbekiston Moliya vazirligi "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK bilan birgalikda ikki oy muddatda "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAKning soliq solinadigan bazasini arzonlashtirilgan narxlar bo‘yicha sotilgan aviachiptalar summasiga kamaytirish mexanizmini joriy etishi lozim
Sputnik

TOShKENT, 7 fev – Sputnik. O‘zbekiston prezidentining "Kirish turizmini rivojlantirish choralari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAKga qatnovlar raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida xalqaro qatnovlar uchun aviachiptalarni tannarxidan past narxlarda sotish huquqi berildi.

O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi aviareyslarga chiptalarni arzonlashtirish ustida ishlamoqda

Hujjatda O‘zbekiston Moliya vazirligi "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK bilan birgalikda ikki oy muddatda "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAKning soliq solinadigan bazasini arzonlashtirilgan narxlar bo‘yicha sotilgan aviachiptalar summasiga kamaytirish mexanizmini joriy etishi lozimligi ko‘rsatildi.

Shuningdek, "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAKga O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda xorijiy turistlarni jalb qilish prognozini tasdiqlash hamda "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAKning xorijdagi vakolatxonalari rahbarlari va xodimlarini joylashgan mamlakatidan turistlar oqimini ko‘paytirganlik uchun o‘z mablag‘lari hisobidan mukofotlash, yuklangan vazifalarning bajarilishi ta’minlanmagan holatlarda esa, javobgarlik choralarini qo‘llash tizimini joriy etish tavsiya etildi.