Buxoroga yiliga 900 minggacha turist kelishi mo‘ljallanmoqda

O‘tgan yili Indoneziyaning yirik turizm kompaniyasi bilan shartnoma tuzildi
Sputnik

TOShKENT, 7 fev – Sputnik. 2018 yil aprel oyidan boshlab Buxoro — Istanbul — Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha aviareys ochiladi. Bu haqda Facebook'dagi "O‘zLiDeP muhokamaga chorlaydi" guruhida muntazam o‘tkazib kelinayotgan "Deputat bilan onlayn muloqot" loyihasining navbatdagi ishtirokchisi Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi deputati, Buxoro xalqaro aeroporti direktori Tohir Baxronov  ma’lum qildi.

Musulmon davlatlari elchilari Buxoroga katta qiziqish bildirishdi

Bahronovning aytishicha, o‘tgan yili Indoneziya davlatidagi turizm kompaniyasi bilan shartnoma tuzildi.

“Indoneziyaliklarning O‘zbekistonga, ayniqsa, Buxoroga ziyorat turizmi sohasida ishtiyoqlari katta. Buxoroga 900 minggacha turist kelishi mo‘ljallanmoqda”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorni imzoladi.

Yangi qarorning asosiy maqsadi – O‘zbekiston turizm salohiyatini rivojlantirish,  ushbu sohaga investitsiyalarni jalb qilish, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etish, hamda mamlakatning boy tabiiy, madaniy va tarixiy merosidan har tomonlama foydalanishdir.